O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan Xorazm viloyatida ehtiyojmand oilalar vakillariga maishiy texnika jihozlari topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim tashkil etildi. Bu haqda federatsiya matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati

“Hozirda Xorazm viloyatida ehtiyojmand oilalarning 24 nafarini uy-joy bilan ta’minlash, 120 nafarining turar joylarini ta’mirlab berish, 1332 nafarini maishiy texnika bilan ta’minlash, tibbiy xizmatga muhtoj bo‘lgan 72 nafar fuqaroning salomatligini tiklash ishlari amalga oshirilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Xususan, Urganch tumani va Urganch shahridan 222 nafar ehtiyojmand oilaga maishiy texnika jihozlari – zamonaviy kir yuvish mashinalari, gaz plitalari, changyutgich va kichik pechlar topshirildi.

“Men o‘n ikki yildan buyon yura olmayman. Uzoq yillar davomida uydan chiqmay keldim. Oynai jahon orqali mamlakatimiz rahbarining ma’ruzalarini tinglab, biz kabi nogiron insonlarga ko‘rsatayotgan mehr va e’tiborlarini ko‘rib, o‘zimda yashashga rag‘bat sezdim. Qisqa bir yilda tikish va to‘qishni o‘rgandim. Kichik hikoyalar yozyapman. Meni hayotga qaytargan prezidentimdan umrbod minnatdorman”, — deydi “Baynalmilalchi” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zuhra Ozodboyeva.