Toshkentning “Lokomotiv” klubi 12-fevral kuni Chempionlar Ligasi guruh bosqichining ilk turida Amirliklarning “Al-Vahda” klubini qabul qiladi.
Bugun — 10-fevral kuni “temiryo‘lchilar” safiga kelib qo‘shilgan futbolchilar jamoatchilikka rasman tanishtirildi. Ular 6 nafar bo‘lib, quyidagi raqamlarda harakat qiladi: Nivaldo — 6, Sherzod Karimov — 8, Xusniddin G‘ofurov — 19, Sardor Rashidov — 27, Igor Yelich — 88, Cho Suk Jae — 99.
“Lokomotiv” klubi bosh direktorining o‘rinbosari To‘labek Akramov yangi mavsumdan boshlab titul homiylar o‘zgarayotganini ma’lum qildi. Endi jamoa futbolkalarida Orient Finans Bank yozuvi aks etadi. Shuningdek, Alskom sug‘urta kompaniyasi bilan ikki taraflama manfaatli shartnoma tuzilgan.Nivaldo (Braziliya)
Faoliyatimni tayanch yarim himoyachi sifatida boshlaganman. Keyinchalik Rossiya quyi ligasida o‘ynab yurganimda bosh murabbiy menga hujumga o‘tishni tavsiya qildi. Shundan buyon o‘zimni hujumkor futbolchi sifatida erkin his etaman.Braziliyada xususiy klubim borligi haqiqat. Asosiy maqsadim o‘sib keladigan yosh iqtidor egalariga ko‘maklashish. Braziliyada futbolni juda sevishadi, unga bo‘lgan muhabbat yuqori. Shu bois qishlog‘imdagi yoshlar uchun shaxsiy klub ochganman. Yaqinda jamoamdan 3—4 futbolchi professional futbolga qadam qo‘ydi.
5 ballik tizimda o‘zimga necha ball qo‘yaman? 10 ball (kuladi). Braziliyalik futbolchilar orasidan Neymar 10 ballga loyiq. Men esa uning darajasiga chiqishni istayman (kuladi).
Nivaldo, “Lokomotiv” a’zosi
Sardor Rashidov
“Temiryo‘lchilar” safiga yangi yutuqlarni qo‘lga kiritish uchun keldim. Fransiya jamoasiga o‘tishim yoki o‘tmasligim yozda hal bo‘ladi. Hozir “Renn”da futbolchilar ko‘p.Osiyodan Yevropaga yo‘l olmoqchi edim. Ammo O‘zbekistonga qaytishni orqaga tashlangan qadam deb hisoblamayman. Arab futbolidan ko‘ra O‘zbekiston futboli kuchli. Men faqat pul taraflama ortga qadam tashladim. Chunki arab futboli faqat pul borasida kuchli. O‘yin sifati jihatidan bizning futbol ularnikidan ustun.
Sardor Rashidov, “Lokomotiv” a’zosi
Sherzod Karimov
“Paxtakor” bilan shartnomam nihoyasiga yetgach, “Lokomotiv” menga taklif bilan chiqdi. Buning uchun minnatdorman.Arveladze bilan Yelichichning farqi? “Lokomotiv”da ko‘proq pas orqali o‘ynash talab etiladi, kombinatsion futbol ustuvor. Arveladze esa asosan standart vaziyatlariga tayanib o‘ynaydi.
Sherzod Karimov, “Lokomotiv” a’zosi
Igor Yelich
Men uchun O‘zbekiston chempionati begona emas. Unda o‘tgan mavsum ham o‘ynaganman. “Lokomotiv” esa liganing eng kuchli jamoasi. “AGMK” bilan “Lokomotiv”ning asosiy farqi “temiryo‘lchilar”ning Chempionlar Ligasida o‘ynashida. Shuningdek, ular o‘z oldiga turlicha vazifalar qo‘yadi. “Loko” asosan paslar orqali o‘yinni quradi, “AGMK” murabbiyi himoyaviy o‘yinga e’tibor beradi. Oldingi chiziqdagi harakatlar asosan standart vaziyatlariga bog‘liq.Igor Yelich, “Lokomotiv” a’zosi
Cho Suk Jae (Janubiy Koreya)
“Lokomotiv” nafaqat O‘zbekistonning, balki Osiyoning eng yaxshi jamoalaridan biri. Ularning taklifi meni qiziqtirib qo‘ydi. Koreya va O‘zbekiston futbolida katta farq yo‘q. Bizda asosan jismonan kuchli futbol o‘ynaladi. O‘zbekistonda ham bu jihatga alohida e’tibor qaratishlarini bilaman.Cho Suk Jae, “Lokomotiv” a’zosi
Xusniddin G‘ofurov
Serbiyadagi faoliyatim tugadi. “Lokomotiv” taklifi meni o‘zbek futboliga qaytardi. Serbiyada kuchga tayanilgan futbol o‘ynaladi, o‘yinlarda ko‘p kuch yo‘qotasiz, ko‘p yugurasiz. O‘zbekistonda esa to‘p bilan muomala ustuvor.Xusniddin G‘ofurov, “Lokomotiv” a’zosi
Izoh (0)