MOQ prezidenti Umid Ahmadjonov rahbarligida Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahriga yetib borgan qishki Olimpiada bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqalarga tayyor. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Qishki Olimpiadada O‘zbekiston sharafini ikki sportchi himoya qiladi. Komil To‘xtayev allaqachon olimpiya shaharchasiga yetib kelgan bo‘lsa, ayni paytda AQShda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini davom ettirayotgan Misha Ge Janubiy Koreyaga 11-fevral kuni yetib boradi.
Ge 16-fevral kuni Gangneung Ice Arena muz saroyida figurali uchishning qisqa dasturida chiqish qiladi, 17-fevralda esa erkin dasturda o‘z omadini sinab ko‘radi.
Komiljon To‘xtayev 18-fevral kuni tog‘ chang‘isining gigant slalom bahslarida ishtirok etadi. 22-fevralda uni slalom bo‘yicha musobaqa kutib turibdi. Tog‘ chang‘isi bo‘yicha bellashuvlar Yongpyong Alpine Centre majmuasida bo‘lib o‘tadi.
Ertaga — 8-fevral kuni Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Umid Ahmadjonov boshchiligidagi delegatsiya Olimpiya shaharchasida O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarish rasmiy marosimida ishtirok etadi. 9-fevral kuni esa Pxyonchxanda XXIII qishki Olimpiadaning tantanali ochilish marosimi o‘tkaziladi. Mazkur tadbirda ham MOQ prezidenti bevosita qatnashadi.
Izoh (0)