O‘zbekiston Professional futbol ligasi 30 nafar referini Turkiyadagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘iniga yuborishga qaror qildi. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad yangi tashkil etilayotgan Super Liga starti oldidan hakamlar malakasi ustida ish olib borish.
O‘FF ish uslubi Ispaniya futbol federatsiyasiniki kabi bo‘ladi. Umid Ahmadjonov ispanlar bilan kelishuvga erishdi
So‘nggi 6—7 yilda o‘ziga to‘q bo‘lgan futbol klublari qishki yig‘inlarni Turkiya yoki Amirliklarda o‘tkazishni odat qilgandi. Endi navbat hakamlarga yetib keldi, deb yozdi PFL matbuot xizmati. Yig‘in 10—20-fevral sanalarida bo‘lib o‘tadi.Ayni paytda Turkiyada bir qator Yevropa va Osiyo futbol klublari yig‘in o‘tkazmoqda. Shundan kelib chiqib, o‘zbekistonlik referilar bir qator o‘rtoqlik o‘yinlarini boshqarish imkoniyatini ham qo‘lga kiritadi. Hozirdanoq Slovakiya va Tojikiston yoshlar terma jamoalari ishtirokidagi o‘yinni boshqarish borasida o‘zbekistonlik hakamlarga talab tushgan.
Turkiya yig‘inida xalqaro maydonlarda faol bo‘lgan referilar qatnashishmaydi. Jumladan, Ravshan Ermatov o‘zining Abduhamidullo Rasulov, Sherzod Qosimov, Jahongir Saidov kabi brigadasi bilan Chempionlar Ligasida ishtirok etishi kerak. Valentin Kovalenkoning guruhida ham vaziyat shunday. Ilgiz Tantashev guruhi esa OFK Kubogi o‘yinlariga jalb qilingan. Antaliyadagi yig‘inda esa ularning safiga kira olmayotgan 13 nafar asosiy va 17 nafar yordamchi hakamlar jam bo‘ladi.
O‘zbekistonlik referilar 10-fevral kuni tongda Toshkent—Istanbul—Antaliya yo‘nalishi bo‘yicha parvoz qiladi. Bu kabi amaliyot so‘nggi vaqtlarda urfga kirayotgan bo‘lib, Turkiyaga yaqindagina Tailand, Belarus, Qirg‘iziston kabi mamlakatlar hakamlari kelgandi. 8-fevral kuni esa rossiyalik 60 nafar referining Turkiyaga yetib kelishi ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)