Toshkentning “Paxtakor” futbol klubi bor e’tiborini O‘zbekiston chempionati va kubogi bellashuvlariga qaratadi. Shota Arveladze boshchilik qilayotgan klub kecha Qatarning beshinchi jamoasidan mag‘lub bo‘lib, Chempionlar Ligasi bilan xayrlashdi.
“Al-Garafa”ning yangi xaridi Uesli Snayder 20-daqiqada penaltini aniq amalga oshirib, qatarliklarni hisobda oldinga olib chiqqan bo‘lsa, shu bo‘limning o‘zidayoq Aleksandr Lobanov ikkinchi golni ham o‘tkazib yubordi. Darvozabon Turkiyadagi o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari davomida ketma-ket 3 ta penalti zarbasini qaytarishga erishgandi.
Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalardagina “paxtakorchilar” hisobni qisqartirdi. Biroq bu amalda hech narsani hal qilmadi.
“Paxtakor” va “Al-Garafa” o‘rtasidagi bu oltinchi to‘qnashuv bo‘lib tarixga kirdi. O‘yinlarning 4 tasi Qatarda o‘tib, shularning 3 tasida mezbonlar zafar quchgan: 4:3, 1:0 va 2:1. Yana bir bellashuvda 2:2 hisobi qayd etilgan. Toshkentda esa “Paxtakor” ishonchli g‘alabalarga erishgandi — 3:0, 2:0. Shu tariqa muvozanat qatarliklar tomon og‘ib ketdi. To‘plar nisbatidagina “Paxtakor”ning natijasi yaxshiroq — 11:10.
Chempionlar Ligasi Pley-off bosqichi 30-yanvar, seshanba
“Al-Garafa” (Qatar) — “Paxtakor” 2:1
Gollar: Uesli Sneyder, 20-pen (1:0). Diyego Amado, 28 (2:0). Jasur Hakimov, 93+ (2:1).Chempionlar Ligasining 2018-yilgi mavsumida O‘zbekiston sharafini “Lokomotiv” va “Nasaf” klublari himoya qiladi.
Izoh (0)