Namangan viloyatida Aqto‘bedagi fojida halok bo‘lganlarning oila a’zolariga hokimliklar va keng jamoatchilik tomonidan zarur yordam ko‘rsatilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi

Foto: Facebook / Xushnudbek Xudayberdiyev

— Avvalo, fojiali halok bo‘lgan har bir yigitning xonadoniga bo‘lib, ularning oilaviy sharoitini o‘rganish va shunga asosan tegishli yordam ko‘rsatish, oila a’zolarini ahvol-ruhiyasini nazoratga olishga alohida e’tibor berilmoqda, — deydi To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi G‘ulomjon Murodxo‘jayev. — Har bir oilaga davlat va jamoat tashkilotlari xodimlaridan mas’ullar, shifokorlar biriktirildi. Halok bo‘lganlar oilalarini moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million so‘mdan mablag‘ ajratildi, ma’raka-marosimlarni o‘tkazish uchun homiylar tayin qilindi. Shuningdek, mazkur oilalarning kommunal sohaga doir turli muammolari hal etib berilmoqda.

Kosonsoy tumanining Chindovul qishlog‘idagi sakkiz xonadonga mavhum motamsarolik soya tashlab turibdi. 

— Albatta, bu yo‘qotishlarning o‘rnini hech narsa bilan to‘ldirib bo‘lmaydi, — deydi “Mahalla” xayriya jamg‘armasi Kosonsoy tuman bo‘limining raisi Abdusamad Dadaboyev. — Biroq mahalla-kuy tomonidan bu oilalar a’zolarining g‘am-qayg‘ularini iloji boricha yengillatishga harakat qilinmoqda. Har bir motamzada xonadonga “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan 1 million so‘mdan moddiy yordam ajratildi. Bundan tashqari bir tonnadan ko‘mir, gaz balloni, oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanmoqda.