Daniya, Kosta-Rika va Singapurda qanday umumiy jihat bor? Bu mamlakatlar fuqarolari har bir kundan bahra olib — stress minimum va quvonch maksimum bo‘lgan sharoitda yashaydi, deb hikoya qiladi National Geographic.
Yer yuzidagi eng baxtli inson kim?
Ehtimol, Alexandro Zunigadir? O‘rta yoshli, sog‘lom Alexandro odamlar bilan muloqot qilishdan zavq oladi va ishonsa bo‘ladigan bir nechta do‘sti borligini biladi. Kamdan-kam vaziyatlarda sutkasiga yetti soatdan kam uxlaydi, ishga piyoda boradi, har kuni olti porsiya meva-sabzavot iste’mol qiladi. Haftasiga qirq soatdan ortiq ishlamaydi, o‘z ishini yaxshi ko‘radi va hamkasblari bilan yaxshi kelishadi.
Ikkinchi ehtimoliy nomzod — Sidse Klemmensen. U sodiq umr yo‘ldoshi va uch nafar kichik farzandi bilan kommunada istiqomat qiladi. Sidse sotsiolog, bunday kasb bilan dam olish uchun vaqti ko‘p emas. Butun oila velosipedda harakatlanadi — ishga, maktabga, do‘konga — qomatni saqlashning ajoyib usuli. O‘rtamiyona maoshi bilan Klemmensen yuqori soliqlar to‘laydi, buning evaziga tibbiy xizmat, farzandlari uchun ta’lim va kelajakda nafaqa ta’minlangan. Uning vatani Daniyada kishilar hukumat ularni og‘ir avholda tashlab qo‘ymasligiga ishonadi.
Va nihoyat, eng baxtli inson nomiga uchinchi nomzod Duglas Fu. Muvaffaqiyatli biznesmen 750 ming dollarlik BMW’da harakatlanadi va o‘n millionlik uyda istiqomat qiladi. Duglas va uning rafiqasining to‘rt nafar farzandi bor. U maktab o‘quvchisi ekanligidanoq o‘qishi uchun pul ishlagan va shaxsiy firmasini ochgan. Firma oxir-oqibatda qiymati 59 million dollarlik xalqaro kompaniyaga aylandi.
Zuniga, Klemmensen va Fu baxtning uchta turli shaklini ifodalaydi. Har uchala nomzod bilan suhbatlashib, ular sirini fosh qilishga urinamiz: nega sayyoraning aynan mazkur burchaklarida insonlar eng baxtli?
Zuniganing vatani eng baxtli mamlakatlardan biri. So‘rovnomalarga qaraganda, Zuniganing vatandoshlari kundalik hayotda sayyoraning istalgan boshqa fuqarosiga qaraganda ko‘proq ijobiy hissiyotlarni boshdan kechiradi.
Klemmensen esa maqsad sari intiluvchi daniyaliklarga xos bo‘lgan baxt sohibi. Baxtning boshqa shakllaridagi kabi bu holatda ham asosiy ehtiyojlar qanoatlantirilganligi tufayli kishilar ishxona va dam olishda sevimli ishi bilan shug‘ullanishi mumkin. 40 yildan buyon Yevropaning eng baxtli mamlakatlari reytingida eng yuqori pog‘onalarni egallab kelayotgan Daniyada odamlar uchun yashash shunchaki oson.
Ko‘plab iqtidor sohibi janob Fu esa omad sari intiluvchanligi bilan mashhur singapurliklar nufuzini tasdiqlaydi. Ularning baxti — hayotdan qoniqish. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Singapur Osiyo mamlakatlari orasida yetakchilik qiladi.
BMT buyurtmasiga asosan har yili “Dunyoviy baxt to‘g‘risida hisobot”ni (World Happiness Report) chop etuvchi Kolumbiya universiteti tadqiqotchilari inson baxtining to‘rtdan uch qismini oltita omil belgilashini aniqladi. Bular: iqtisodiy o‘sish barqarorligi, sog‘lom hayot davomiyligi, ijtimoiy munosabatlar sifati, saxiylik, ishonch va o‘z yo‘lini mustaqil tanlash erkinligidir. Bu omillarning barchasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakat hukumati va uning madaniy qadriyatlariga bog‘liq.
Kosta-Rika
Har kunlik quvonch: sog‘lik, e’tiqod, oila
Yana Alexandro Zunigaga qaytamiz. U Kosta-Rika poytaxti San-Xosedan sharqda joylashgan Kartago shahridagi markaziy bozorda meva va sabzavotlar bilan savdo qiladi. 57 yoshli erkak bu yerda ancha yillardan buyon ishlaydi. Har safar, oltmish nafar savdogarlardan biri yoki boshqa biror kishi hayotida baxtsizlik ro‘y bersa, aynan Zuniga yordam pulini yig‘adi.
Bir kuni kechqurun uning telefoni jiringladi. “Senga lotoreyada yutuq chiqdi”, — deya xabar qildi uning do‘sti.
Zuniga 50 million kolon (o‘sha vaqtda 93 ming dollar atrofida) yutuq chiqqanligini ma’lum qilgan do‘stining so‘zlariga ishonmadi. “Bu ahmoqona hazil deb o‘yladim, — xotirlaydi u. — Hamyonimda sakkiz dollar qolgan edi”.
Ertasi kuni uni ishda olqishlar bilan kutib olishdi. Hayot uni shu kunga qadar siylamaganligini barcha bilardi. U xarobalarda ulg‘aygan, nonga pul topish uchun 12 yoshida maktabni tashlagan, alkogol bilan bog‘liq muammolarga duchor bo‘lgan, 20 yoshida esa sevimli insoni uni tark etgan edi.
Kutilmaganda Zuniga millionerga aylandi. Ularni yangi, farovon hayotga almashishini taxmin qilgan do‘stlari xayolan u bilan xayrlashdi. Biroq hafta ortidan hafta o‘tdi, qahramonimiz esa sekin-asta boyligini tarqatishda davom etdi. Million kolon u baxtli chiptani xarid qilgan do‘stiga, million u och qolgan paytlarda to‘yg‘azgan tammadixona egasiga, yana million bozordagi kambag‘al tanishiga. Qolgani — onasi va yetti farzandining to‘rt onasiga. Bir yil o‘tmasdan u yana avvalgi ahvoliga qaytdi. Biroq bu u uchun musibat emas. “Men baxtliman”, — ta’kidlaydi Alexandro.
Uning umidsizlikka tushmaydigan xarakterini tushunish uchun geografiyasi va ijtimoiy siyosati tufayli “baxt kokteyli” hosil bo‘lgan Kosta-Rikani yaxshi bilish lozim. Kokteylning tarkibi: mustahkam oila, yalpi sog‘liqni saqlash, Xudoga ishonch, osuda osmon, tenglik va saxiylikdir. Ulardan hayotdan bahra olib yashash retsepti yuzaga keladi.
Alexandroni tushunishga urinib ko‘ramiz. Uning na mashinasi, na oltin-olmoslari, na qimmatbaho texnikasi bor — biroq baxt va o‘zini hurmat qilishi uchun unga bularning hech biri kerak emas. U oxirgi yuz yil har bir fuqaroni qo‘llab-quvvatlash shiori ostida o‘tgan mamlakatda yashaydi.
Kosta-Rika fuqarolari prezidentlikka o‘qituvchilarni sayladi — ular siyosati xotirjamlik va farovonlik spiralini ishga tushirdi. 1869-yilda Kosta-Rikada boshlang‘ich ta’limni barcha bolalar (diqqatga sazovor jihati, qizlar uchun ham) uchun majburiy qilgan qonun qabul qilindi. 1961-yilda umummilliy sog‘liqni saqlash haqidagi qonunlar qabul qilindi va ko‘pchilik qishloqlarda tekin tibbiy punktlar paydo bo‘ldi.
Feldsher Ileana Alvares-Chaves Komleks tibbiy xizmat ko‘rsatish tayanch guruhi xodimi. Uning kunlik normasi — o‘nta xonadonni aylanib chiqish. Ularning har birida yarim soat o‘tkazadi, axir tibbiy kartaga qaydlar kiritish, qon bosimini o‘lchash, emlash, tavsiyalar berish va suv hech qayerda turib qolmaganligiga (oqmaydigan suvda Zika virusi tashuvchilari bo‘lgan pashshalar ko‘payadi) ishonch hosil qilishi lozim.
1970-yildan Kosta-Rikada o‘rtacha yashash davomiyligi 66 yoshdan 80 yoshga ko‘tarildi, bolalar o‘limi esa yetti marta qisqardi.
Qisqasi, Kosta-Rika ijtimoiy tizimi fuqarolarning asosiy ehtiyojlarini qanoatlantiradi.
Daniya
Asosiy ehtiyojlar qanoatlantirilgan sharoitda sevimli ish bilan mashg‘ul bo‘lish oson
Daniya ham fuqarolari farog‘ati haqida g‘amxo‘rlik qiladi va Sidse Klemmensen ulardan biri. “Davlat barcha zarur narsalar bilan ta’minlaydi, — deydi Klemmensen. — Bolalar baxtli. Ajoyib erim va sevimli ishim bor. Juda ham qo‘rqinchli hech narsa yuz bermasligini bilaman”.
Klemmensen oilasi Olborgdagi uy-joy uyushmasida istiqomat qiladi. 22 oiladan har biriga kichikroq uy tegishli, umumiy maydonda esa katta bog‘, kirxona, ustaxona, ombor, avtomobillar to‘xtash joyi va oshxona bor.
Daniyaliklar tibbiy yordam, ta’lim olish va moliyaviy himoyaga bo‘lgan huquqini yoshlikdan anglab yetadi. Oilada farzand dunyoga kelsa, ota-ona bir yilga dekret ta’tiliga chiqishi mumkin. Bunda ular deyarli to‘liq maoshga teng davlat nafaqasini oladi. Daniyada kishilar o‘rtacha haftasiga 40 soatdan kam ishlaydi, ta’til esa yiliga besh haftani tashkil etadi. Bu kabi saxiy ijtimoiy imtiyozlar dunyodagi eng yuqori daromad solig‘i evaziga qo‘lga kiritiladi. Bu universal tenglashtirgich chiqindi tozalovchiga shifokordan ko‘p pul topish imkonini beradi.
“Daniyaliklar baxti ularning tryghed tushunchasi — himoyalanganlik hissi bilan bog‘liq. Bu hissiyot ona mehridan boshlanib, hukumat bilan munosabatlarda yakunlanadi, — deydi Kopengagenda yashab, ishlovchi amerikalik antropolog Jonatan Shvars. — Tizim nafaqat baxtni kafolatlaydi, balki insonlarni ularni baxtsiz qiluvchi amallardan tiyib turadi”.
Daniyaliklarning 90 foizdan ortig‘i o‘z qiziqishi — sovuq suvda suzishdan tortib quyon ko‘paytirish bo‘yicha biror-bir klub yoki jamiyatning a’zosi hisoblanadi. 40 foizdan ortig‘i o‘z xohishi bilan jamoatchilik tashkilotiga a’zo bo‘ladi.
Singapur
Muvaffaqiyatga eltuvchi yo‘l
Singapur baxt sari boshlovchi o‘z yo‘lini topdi. Duglas Fu bunga yorqin misol. Janob Fu Singapurdagi eng yirik tarmoq — Sakae Sushi tez xizmat ko‘rsatish sushi-restoranlarini boshqaradi va shu bilan bir paytda 22 tashkilotda volontyorlik uchun vaqt topadi. U sizga baxtli ekanligini aytadi, biroq ich-ichidan cho‘qqilardan birini zabt etmaganligini his qiladi.
Singapurliklar uchun muvaffaqiyat aniq yo‘l yakunida yotadi — qoidalarga amal qil, yaxshi maktabda o‘qi, yaxshi ish top va hammasi yaxshi bo‘ladi! Teng imkoniyatlar, iqtidor va mehnatsevarlikka yo‘naltirilgan jamiyatda kishilar har doim mukofotlanadi.
Singapurliklar narxlar oshib borayotgani va ishda tinim bilmay mehnat qilishidan nolishi mumkin, biroq deyarli hammasi himoyalanganlik hissi va bir-biriga ishonch haqida so‘zlaydi. Bu ijtimoiy tajribaning yaratuvchisi marhum Li Kuan Yudir. Osiyo an’anaviy qadriyatlariga chuqur hurmatni his qilgan Li uyg‘unlik, hurmat va mehnatga asoslangan jamiyatni barpo etishni rejalashtirgan.
Ishlayotgan har bir kishi, hatto eng oddiy sohada faoliyat yuritsa ham, munosib maoshga umid qilishi mumkin.
Natijada bugun singapurliklar baxtning uchinchi ko‘rinishi — hayotdan qoniqishni ifodalaydi. O‘z qadriyatlaringizga muvofiq yashayotgan bo‘lsangiz va yutuqlaringiz bilan faxrlansangiz ko‘rsatkich yuqoriga chiqadi. Siz moliyaviy barqarorlikka va yuqori maqomga erishdingiz hamda o‘z joyingizda ekanligingizni his qilasiz. Afsuski, bunday baxtga tomon yo‘l uzoq yillarga cho‘zilishi mumkin. Va ko‘pincha buning uchun hayotimiz saxiylik bilan taqdim etuvchi kichik, soniyalik quvonchlar bilan haq to‘lashga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)