Namangan shahridagi “Agrokimyohimoya” hududiy aksiyadorlik jamiyatining soliq va boshqa majburiy to‘lovlardan bo‘lgan qarzi yillar davomida to‘planib, naqd 10 milliard 500 million so‘mga yetgani bois uning tasarrufidagi butun mol-mulk xatlovga olindi, deb xabar beradi O‘zA.
Shahar davlat soliq inspeksiyasining bir necha bor ogohlantirishiga qaramay, soliq qarzdorligi bartaraf etilmadi. Axiyri Namangan viloyati iqtisodiy sudining 31-oktabrdagi ijro varaqasiga asosan mazkur qarzdorlik bo‘yicha undiruv jamiyatning mol-mulkiga qaratildi.
Jamiyat tasarrufida bo‘lgan 23 turdagi 1 milliard 986 million so‘mlik, Mingbuloq tumanidagi 100 turdagi 1 milliard 763 million so‘mlik, Namangan tumanidagi 58 turdagi 874 million so‘mlik, Norin tumanidagi 31 turdagi 901 million so‘mlik, Pop tumanidagi 55 turdagi 1 milliard 103 million so‘mlik, Uychi tumanidagi 43 turdagi 772 million so‘mlik, jami 8 milliard 347 million so‘mlik mol-mulk, jamiyat hududida joylashgan qurilishi tugallanmagan mehmonxona binosi hamda basketbol maydonchasi ham xatlovga olindi.
Xatlovga olingan mol-mulk O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining onlayn auksion savdosi orqali sotilib, sotuvdan tushgan mablag‘ davlat budjetiga kirim qilinadi.
Izoh (0)