O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi dekabr oyi boshida politsiya navbatchi qismlari va favqulodda vaziyatlarni boshqarish markazlari ishida qo‘llanuvchi ilg‘or axborot texnologiyalari bilan tanishish uchun Sankt-Peterburgga tashrif buyurdi. Bu haqda UzDaily xabar bermoqda.
O‘zbekiston IIV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, O‘zbekiston delegatsiyasi “112” yagona raqami orqali Operativ xizmatlarni shoshilinch chaqirish tizimi va chaqiriqlarni qayta ishlash markazi faoliyati bilan tanishgan.
Eslatib o‘tamiz, 2018-yilda Samarqand shahrida “Xavfsiz shahar” loyihasi doirasida “112” yagona raqami orqali shoshilinch operativ xizmatlarni chaqirish tizimini sinov rejimida ishga tushirish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif doirasida IIV Bosh boshqarmasi Navbatchi qismi va FVVning Sankt-Peterburg shahri va Leningrad viloyati bo‘yicha inqirozli vaziyatlarda boshqaruv markaziga tashrif buyurdi.
IIV mutaxassislari yagona raqam bo‘yicha operativ xizmatlarni shoshilinch chaqirish tizimiga asos bo‘lgan ilg‘or axborot texnologiyalarini ishlab chiqarish va joriy qilish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarda bo‘lish imkoniga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston IIV delegatsiyasi uchun “101” xizmati axborot tizimi arxitekturasi taqdimoti o‘tkazildi va “112” tizimini barpo etish bo‘yicha IT-yechim namoyish etildi.
Tomonlar ushbu tizimlarni O‘zbekistonning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda ichki ishlar organlari navbatchi xizmatlari faoliyatiga joriy etish istiqbollarini muhokama qildi.
Tashrif davomida delegatsiya, shuningdek, radioaloqa tizimi, videokuzatuv tizimlari, xavfsizlik monitoringini ta’minlash kompleksi faoliyati bilan tanishdi.
Izoh (0)