Oksford lug‘atining tuzuvchilari 2017-yilning so‘zi sifatida “youthquake” so‘zini tanladi. So‘z “yoshlar harakati yoki ta’siri ostida yuzaga kelgan muhim madaniy, siyosiy yoki ijtimoiy o‘zgarish”, degan ma’noni bildiradi. Bu haqda Meduza xabar berdi.

Foto: Google Images

Lug‘at tahrirchilari bu so‘zning qo‘llanilishi 2017-yilda o‘tgan yilga nisbatan besh barobar o‘sganini qayd etgan.

“Youthquake” so‘zi “earthquake” (yer qimirlashi) va “youth” (yoshlar) so‘zlaridan hosil bo‘lgan. U birinchi marta 1965-yilda Vogue jurnalining bosh muharriri Diana Vriland tomonidan moda va musiqadagi o‘zgarishlarga nisbatan ishlatilgan.

2017-yilda bu so‘z Buyuk Britaniyadagi konservatorlarning iyun oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovidagi muvaffaqiyatsiz yurishi munosabati bilan ko‘p ishlatildi. Leyboristlarning muvaffaqiyati aynan yoshlarning ovoz berishi bilan bog‘landi.

Sentabr oyida Yangi Zelandiyada bo‘lib o‘tgan saylovlar vaqtida so‘zning qo‘llanilishi ikkinchi bor yuqori cho‘qqiga chiqdi.