O‘FF 2017-yilgi mavsumning eng yaxshilarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi. Bunda 11 ta nominatsiya g‘oliblari aniqlandi.
Fair Play sovrini — “Qo‘qon-1912”
Qo‘qonlik futbolchilar chempionatning ortda qolgan 30 ta o‘yinida biror marta ham maydondan chetlatilmagani mazkur sovrin uchun asos bo‘lib xizmat qildi. Sovrinni klub rahbariyatiga “Paxtakor” klubi prezidenti Bobur Shodiyev topshirdi.Eng yaxshi muxlislar jamoasi — “Qo‘qon-1912”
Joriy mavsum Qo‘qon, Namangan, Buxoro va Qarshi shaharlaridagi futbol uchrashuvlariga muxlislarning tashrifi ancha yaxshi bo‘ldi. Biroq O‘FF bu sovrinni topshirishda faqatgina songa emas, sifatga ham ahamiyat berdi va hatto da’vogarlar orasiga “Lokomotiv”ni ham kiritdi. Sovrin esa Qo‘qonga yo‘l oldi. “Navbahor” muxlislari “Paxtakor”ga qarshi o‘yindan keyin matbuot anjumani zalida kichik ko‘ngilsizlik keltirib chiqargani, “Buxoro” stadionidagi “Paxtakor”ga qarshi bellashuvdagi kichik tartibsizliklar ham mazkur sovrin o‘z egasini topishida asos bo‘lib xizmat qilgan bo‘lishi mumkin. Eng yaxshi muxlislar klubiga sovrinni UzReport va Futbol-TV telekanallari direktori Ravshan Jo‘rayev topshirdi.Eng yaxshi futbol akademiyasi — “Nasaf”
Mamlakat yoshlar va o‘smirlar terma jamoalariga navnihollarni yetkazib berishda Qarshi klubi akademiyasi katta hajmdagi ishni amalga oshirgandi. Sovrinni ularga O‘zDJTI rektori Komil Yarashev topshirdi.Yoshlar Ligasi g‘olibi — “Bunyodkor”
Shuhrat Maqsudov boshchilik qilgan “Bunyodkor” o‘rinbosarlari Yoshlar Ligasida “Paxtakor” bilan teng ochko jamg‘ardi. O‘zaro o‘yinlarning har ikkisida ham “qaldirg‘ochlar”ning qo‘li baland kelgani uchun, yakunda chempionlik aynan “Bunyodkor” yoshlariga nasib qilgandi. Maqsudov sovrinni taniqli aktyor Yodgor Sa’diyevdan qabul qilib oldi.Eng yaxshi yosh futbolchi — Igor Chikrizov (“Paxtakor”)
Eng yaxshi akademiya sovrini “Nasaf”ga, eng yaxshi yoshlar jamoasi sovrini “Bunyodkor”ga ketgach, eng yaxshi yosh futbolchi “Paxtakor”dan chiqib keldi. U ko‘pchilik uchun notanish. Aslida qanday futbolchi ekani 2—3 yil ichida ma’lum bo‘ladi. Sovrinni unga hamma uchun yaxshi tanish bo‘lgan O‘FF bosh kotibi Sardor Rahmatullayev topshirdi.Eng yaxshi ayol futbolchi — Lyudmila Karachik (“Metallurg-W”)
“Metallurg” futbol klubiga tegishli ayollar jamoasi katta o‘sishga erishib, Qarshining “Sevinch” klubi 10 yildan buyon davom ettirib kelayotgan an’anaga chek qo‘ydi va mamlakat chempionligini qo‘lga kiritdi. Uning yetakchi futbolchisi esa tabiiyki, eng yaxshi bo‘ldi. Lyudmila sovrinni “Bunyodkor” vitse-prezidenti Murod Aliyevdan qabul qilib oldi.Yilning eng yaxshi futzalchisi — Konstantin Sviridov (“Olmaliq”)
“Olmaliq” futzal klubi ham so‘nggi yillarda barchaning diqqat markazida turibdi. Uning yetakchi futzalchilaridan biri va O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Konstantin Sviridovga sovrinni sobiq futbolchi To‘lagan Isoqov topshirdi.Yilning eng yaxshi klubi — “Lokomotiv”
“Temiryo‘lchilar” qatorasiga ikki bor “Oltin dubl” qayd etib, ham O‘zbekiston chempionatida, ham mamlakat kubogida zafar quchishning uddasidan chiqa olgandi. Sovrinni “Lokomotiv” vakili To‘labek Akromovga PFL bosh direktori Omon G‘ofurov topshirdi.Eng yaxshi xorijlik murabbiy — Shota Arveladze (“Paxtakor”)
O‘zbek futboli rivojiga hissa qo‘shayotgan eng yaxshi xorijlik mutaxassis sovriniga Shota Arveladze ega chiqdi. “Paxtakor” bosh murabbiyi mavsum o‘rtasida O‘zbekiston chempionatiga kelgandi. “Lokomotiv”ni ikki yildan buyon O‘zbekistonda tengsiz qilayotgan Mirko Yelichich u bilan raqobatda yutib chiqa olmadi. Balki Yelichichga Pro litsenziyaning yo‘q ekanligi pand bergan bo‘lishi mumkin. De yure “Lokomotiv”ni Andrey Miklyayev boshqarsa-da, de fakto Yelichich uning muvaffaqiyatlariga eng ko‘p hissa qo‘shib keladi. Arveladze o‘z yurtiga jo‘nab ketgani uchun, sovrinni uning o‘rniga “Paxtakor” klubi direktori Adisman qabul qilib oldi.Yilning eng yaxshi murabbiyi — Ro‘ziqul Berdiyev (“Nasaf”)
Berdiyev ovoz berishda “Buxoro” bosh murabbiyi Ulug‘bek Baqoyev hamda “Bunyodkor”ni mavsum o‘rtasida qabul qilib olgan Mirjalol Qosimovdan ko‘proq ball jamg‘ardi. Berdiyevga sovrinni O‘FF vitse-prezidenti Shoakrom Isroilov topshirdi.Yilning eng yaxshi futbolchisi — Marat Bikmayev (“Lokomotiv”)
O‘zining ikkinchi yoshligini o‘tkazib, Oliy Liganing joriy mavsumida hammadan ko‘p — 26 ta gol urgan Marat Bikmayev haqli ravishda eng yaxshi futbolchi bo‘ldi. Unga sovrinni O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov topshirdi.
Izoh (0)