Bu maqola ancha oldin gazeta tahririyati uchun tayyorlangandi. Biroq unda tilga olingan muammoning ko‘lami kengaysa kengaydiki, aslo pasaygani yo‘q. Rasmiy matbuot tili bilan aytganda, “mavzu dolzarb, masala kun tartibidan tushmagan”...
“Pyatiminutka”
Tibbiyot muassasalaridan birida ishlaydigan do‘stimni yo‘qlab, ish joyiga o‘tdim. Majlisda ekan, yarim soatcha kutishga to‘g‘ri keldi.
— Namuncha yig‘ilishlaring cho‘zilmasa, — o‘pkalangan bo‘ldim xonasiga hovliqib kirib kelgan og‘aynim bilan ko‘risharkanman. — Ertaroq tugatsalaring bo‘lmaydimi?
— E, bu hali vaqtliroq qutilganimiz. “Pyatiminutka”larimiz bir-bir yarim soatga ham cho‘ziladi. Hatto kunda ikki mahal — ertalab va tushdan keyin ham bo‘lishi mumkin.
— Nimalarni muhokama qilasizlar o‘zi?
— Bemorlar holatidan shifoxona ta’mirigacha, komissiya kelishidan tortib mehnat intizomigacha. Majlis bo‘lganidan keyin kimdir maqtov eshitadi, kimdir — tanbeh. Ertalabda yaxshigina “nasiba”sini olib chiqqan shifokorning holatini ko‘z oldingga keltiraver.
Ko‘z oldimga keltirdim. Ammo shifokorni emas, unga mahtal bo‘lib turgan bemorni. Bechora “pyatiminutka”dan chiqqan xaloskorining ko‘ziga termulib tursa kerak: kayfiyati yaxshi bo‘lsa-ku, xo‘p-xo‘p, avzoyi buzuq bo‘lsa — urdi xudo.
Bemorlar ham, yo‘qlovchilar ham allaqachon bunga ko‘nikib ketishgan. Falon do‘xtir joyida yo‘qmi, demak, “pyatiminutka”ga kirib ketgan.
Mantiqan olib qaraganda, har kuni yig‘ilish o‘tkazaverish bosh shifokorga ham havas bo‘lmasa kerak. Kichkina bir jamoaning ham o‘ziga yarasha tashvishlari bo‘ladi. Biroq shuncha cho‘zish shartmi? “Pyatiminutka”ni nomiga yarasha — tez va soz o‘tkazib, qolgan mayda-chuyda gaplarni tegishli odamlar bilan xoli gaplashib olsa bo‘ladi-ku?
Ilon po‘st tashlaydigan majlis
Majlislarni yaxshi ko‘ramiz. Katta-katta tashkilot rahbarlariga ba’zan rahming keladi: kuni majlislarda o‘tadi. Koshki yig‘ilishlar shunga yarasha samara bersa: ko‘pincha avvaldan ma’lum tadbirlarni qog‘ozga qarab o‘qib berish bilan o‘tadi-ketadi.
Tuman rahbarlaridan birining “ish tajribasi”ni aytib berishdi. Uning uchun majlis o‘tkazishning erta-kechi yo‘q ekan. Xohlasa yarim tunda, xohlasa kallai saharlab yig‘ilish chaqirar ekan. Ba’zan majlis o‘tkazib bo‘lganidan so‘ng hech qancha vaqt o‘tmay xuddi o‘sha “kontingent”ga navbatdagi yig‘ilishni belgilar ekan. “Xo‘jayin, shu gaplarni avvalgi majlisda aytib qo‘yaversangiz bo‘lmasmidi?” deganlarga “To‘satdan yangi fikr chiqib qoldi, buni tez yetkizmasa xayoldan ko‘tariladi”, dermish. Na kulishingni bilasan, na...
Eng yomoni, ba’zi yig‘ilishlarda aytilayotgan gaplarga ilon po‘st tashlaydi. Mo‘min-qobil xalqmiz, ba’zan “katta”lar “aynib” yuborsa ham tishimizni-tishimizga bosib o‘tiramiz. “Boshliq bo‘lganidan keyin so‘kadi-da”, deya o‘zimizga-o‘zimiz taskin beramiz. To‘g‘ri, rahbar tergagani, tanbeh bergani uchun ham rahbar. Ammo bir narsani unutmaylik: inson sha’ni, qadr-qimmati har narsadan ustun turadi. Uni poymol etishga hech kimning haqqi yo‘q.
XXI asrda yashayapmiz. Telefon, faks, elektron pochta, messenjer degan narsalar bor. Huda-behudaga odam to‘plab, vaqt va asabni ketkizmay, shulardan bemalol samarali foydalanish mumkin. Yo‘qsa, bu ketishda odamlarni “majlis” desa qaltiroq tutadigan holatga keltirib qo‘yamiz.
“Gap” haqida gap
Uyimiz oldida sport maydonchasi bor. Ertalablari turib, biroz chopib, badantarbiya qilgan bo‘laman. 200-300 chog‘li odam yashaydigan “dom”imizdan men va yoshi 60 dan o‘tgan, sog‘lig‘ini qadriga yetadigan onaxon chiqamiz, xolos.
O‘ylab qolaman: shuncha odam ertalablari nima bilan mashg‘ul bo‘larkin? Sharoit bo‘lmasa ham go‘rga edi. Hozir nima ko‘p — mini-stadion, fitnes va trenajyor zallari. Bu gap ko‘proq o‘rta yoshdagilarga tegishli. To‘g‘ri, ish, oila tashvishlari, yugur-yetim degandek. Ammo ba’zida juda shart bo‘lmagan narsalarga vaqt, imkon topiladi.
Keyingi paytda “gap” deganlari gullaganda-gulladi. Ilgarilari u erkaklarning og‘ir ishdan so‘ng hafta, oyda bir o‘tiradigan gurungi edi. Hozir bu borada bayroq ayollarda ketdi.
“Gap” jonivorning turi ham ko‘p: sinfdosh, kursdosh, qarindosh, mahalladosh, hamkasb, xullas, u yog‘i fantaziyangizga bog‘liq. To‘g‘ri, diydor shirin, lekin “me’yor” degan mezonni ham unutmagan ma’qul. Qolaversa, yaqinlarni yo‘qlash, farzandlar bilan ko‘proq birga bo‘lish, sport bilan shug‘ullanish, sayohatga chiqish, kitob o‘qish kabi bundan arzigulik yumushlar to‘lib yotibdi.
Fin yozuvchisi Marti Larnining “Gapni cho‘zma, chunki umr qisqadir”, degan yaxshi gapi bor. Shu hikmatni tez-tez yodga olib tursak, foydadan xoli bo‘lmasdi...