Illinoys shtatidagi fermalardan birida joylashgan ombordan noyob avtomobil — 1928-yilda ishlab chiqarilgan ikki eshikli Marmon Model L topildi. Klassik mashina kolleksiyachilari va Marmon egalari klubining a’zolarini fikricha, ushbu mashina L modelining saqlanib qolgan so‘nggi nusxasi bo‘lishi mumkin. Bu haqda News Tribune nashriga tayanib, “Motor” xabar berdi.

Foto: “Motor”

Avtomobil 50 yildan ortiqroq vaqt mobaynida omborda saqlangan. Avvallari u ushbu markaning ishqibozi Kent Cherpeskka tegishli bo‘lgan. Shuningdek, uning kolleksiyasidan kompaniyani obro‘li xaridorlar orasida mashhur qilgan Marmon 34 modeli ham bo‘lgan.

Foto: “Motor”

Model L dastlabki avtomobil modellaridan hisoblanadi, biroq u Ford Model T’dan to‘rt barobar qimmatroq turgan. Mashina 24 ot kuchiga ega sakkiz silindrli dvigatel bilan jihozlangan.

Foto: “Motor”

O‘tgan asrning 20-yillaridan Marmon Motor Car Co. Cadillac, Pierce-Arrow va Parckard kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilar bilan raqobat qilgan. 1929-yilda marka o‘zining birinchi sakkiz silindrli avtomobilini chiqargan, uning narxi ming dollar atrofida bo‘lgan.

Kompaniya rahbari Govard Marmon dunyoda birinchi bor V16 dvigateli bilan jihozlanadigan yangi model ustida ish boshlagan. Bu turdagi avtomobil — Marmon Sixteen — 1931-yilda paydo bo‘lgan. U 203 ot kuchiga ega 8,0 litrli dvigatelda harakatlangan.

Foto: “Motor”

Marmon kompaniyasi avtomobilsozlik tarixidan orqani ko‘rish mo‘ljallangan oynani o‘rnatgan birinchi ishlab chiqaruvchi sifatida joy olgan.