Yevropa Chempionlar Ligasi guruh bosqichining so‘nggi turidan qat’iy nazar, Kataloniyaning “Barselona” klubi uni peshqadam sifatida yakunlaydigan bo‘ldi.
Bu borada “Barselona” va “Beshiktosh” klublarining yurishi bir-biriga o‘xshab ketdi. Ular 1-davraning barcha o‘yinida zafar quchdi va 2-davradan boshlab duranglarga rozi bo‘la boshladi. Bu esa peshqadamlik uchun kifoya qildi.
O‘tgan mavsum Turinning “Yuventus” klubi “Barselona”ni chorak finalda qoldirib ketgandi. O‘z maydonida kataloniyaliklar darvozasiga javobsiz 3 ta gol urgan “Yuventus”, safarda 0:0 hisobida durang o‘ynagandi. Ernesto Valverde boshqaruvida “Barselona” xuddi shu ishni takrorladi. “Kamp Nou”da “Yuventus” darvozasiga javobsiz 3 ta gol urgan Ispaniya grandi, javob o‘yinida golsiz durangga rozi bo‘ldi va peshqadamlikni o‘zi uchun kafolatladi.
“Yuventus”ning pley-offga yo‘l olish masalasi kelasi turda hal bo‘ladi. 5-dekabr kuni turinliklar Gretsiyada “Olimpiakos” mehmoni bo‘ladi, “Barselona” esa o‘z maydonida “Sporting”ni qabul qiladi.
Izoh (0)