O‘zbekiston iqtisodiyotiga 300 ming dollardan ko‘proq investitsiya kiritgan chet elliklar investor vizasini olishi mumkin, bu esa, o‘z navbatida, ularga qisqa muddatda mamlakat fuqaroligini olish imkoniyatini beradi. Bu haqda “Spot.uz” xabar bermoqda.
Internetda e’lon qilingan investitsion kodeks loyihasida viza investori tushunchasiga ta’rif berilgan. Hujjatga ko‘ra, investor vizasi boshqa vizalarga nisbatan bir qator ustunliklar beradi, bu imtiyozlar orasida O‘zbekistonda doimiy yashash hamda qisqa muddatda mamlakat fuqaroligini olish imkoniyati bor.
O‘zbekiston iqtisodiyotiga kamida 300 ming dollar, maxsus iqtisodiy zonalarga esa 150 ming dollardan kam bo‘lmagan mablag‘ tikkan chet el fuqarolari investor vizasini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Investor vizasi chet ellik investor va uning oilasiga quyidagi huquqlarni beradi:
- mamlakatda doimiy yashash;
- qisqa muddatda fuqarolik olish. Bunda o‘zbek tilini yoki O‘zbekiston tarixini bilish talab qilinmaydi;
- o‘quv muassasalariga borish, fuqarolik-huquqiy munosabatlarga kirishish, ishga joylashish, ijtimoiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimidan respublika fuqarolari tengi foydalanish.
Investor vizasi tashqi ishlar vazirligi tomonidan investitsiyalar bo‘yicha qo‘mita bilan kelishilgan holda taqdim etiladi. Investor vizasini berish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Qonun loyihasi 7-dekabrga qadar muhokama qilinadi.
Izoh (0)