Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo mamlakatlari mintaqani muvaffaqiyatli rivojlantirish uchun birga bo‘lishi lozimligini ta’kidlab o‘tdi. Bu haqda TengriNews xabar bermoqda.
Ostona klubining uchinchi yig‘ilishida Britaniya xalqaro xavfsizlikni tadqiq etish guruhi direktori Rafaello Pantuchchi prezidentga mintaqa davlatlari o‘rtasidagi munosabatlarni qanday yaxshilash mumkinligi haqidagi savol bilan murojaat etdi.
“Mustaqil davlatlarga aylanganimizda men Markaziy Osiyo iqtisodiy ittifoqini yaratishni taklif qildim. U yaratildi, bir muddat ishladi, keyin esa mustaqillikka erishgan har bir davlat o‘z loyihasini o‘zi oxiriga yetkazishni istadi va hammaning o‘z fikri bo‘ldi. Kimdir Sovet Ittifoqi davridagi siyosiy darajada qoldi, kimdir yanada chuqurlashdi, uchinchisida proteksionizm bo‘ldi, to‘rtinchisida liberal iqtisodiyot bo‘ldi. Bu xilma-xillik bizga g‘oyani oxiriga yetkazish imkonini bermadi”, — javob berdi Nazarboyev.
“O‘ylaymanki, chorak asr o‘tganidan so‘ng barcha tushundiki, biz, umumiy tarix, din va mentalitetga ega davlatlar birga bo‘lishimiz, bir-birimizga yordam berishimiz va mintaqa xavfsizligini ta’minlashimiz kerak”, — qo‘shimcha qildi Qozog‘iston rahbari.
Nazarboyev, shuningdek, bugungi kunda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tayotgan o‘zgarishlarni qayd etib o‘tdi:
“Shu nuqtai nazardan shaxsan men O‘zbekiston iqtisodiyotida tub o‘zgarishlar bo‘layotganini diqqat bilan kuzatmoqdaman. Bor-yo‘g‘i bir yil ichida davlatlarimiz orasidagi chegaralar ochildi. Savdo 30 foizga o‘sdi, almashuv bo‘lib o‘tdi, qo‘shma korxonalar tashkil etilmoqda, odamlar bir-birini yo‘qlab kelmoqda, madaniy almashuv davom etmoqda. Men bunday ishni katta quvonch bilan kuzataman va qo‘llab-quvvatlayman. Imkon bor yerda yordam beryapmiz. Tojikiston va Turkmanistonda ham shunday bo‘lyapti”.
Izoh (0)