Oktabr oyining boshida amerikalik Maykl Zaydel doimiy ravishda Redford shahri politsiyasini Facebook’da kalaka qilgan. Champagne Torino taxallusi ostida yashiringan Maykl politsiyachilarga ularning yaxshi ishlamayotganini va ularning sahifasini o‘zidan boshqa hech kim qo‘llab-quvvatlamasligini yozgan, deb xabar bermoqda TJournal.
Redford politsiyasi departamenti ikkita jinoyat uchun Mayklni hibsga olishga order borligini ma’lum qilgan: u odamga hujum qilishda va mast holda avtomobil boshqarishda ayblangan. Maykl bir necha marta o‘zini tutishi va politsiyaga taslim bo‘lishdan bosh tortgani uchun ogohlantirilgan, biroq u kalaka qilishda davom etgan.
Keyin esa politsiya Zaydeldan kelgan shaxsiy xabarni e’lon qilgan. Xabarda Zaydel agar departamentning sahifasi 1000 ta repost yig‘a olsa, taslim bo‘lishga va’da bergan. Shuningdek, u o‘zi bilan o‘nta yumshoq kulcha olib kelishini va maktab oldidagi chiqindilarni tozalashni va’da qilgan.
Redford departamenti Facebook’dagi obunachilariga murojaat qilib, jinoyatchini tutishda yordam berishni so‘ragan. Foydalanuvchilar garovni qo‘llab-quvvatlagan va bir soatga yetmasdan kerakli miqdordagi repost yig‘ilgan. To‘qqiz kun ichida xabar taxminan 4,5 ming marta repost qilingan.
Politsiyachilar hazilomus surat bilan obunachilarga minnatdorchilik bildirgan.
Shundan so‘ng Zaydel va’dasini bajarmagan, politsiyachilar esa uni “so‘zida tura olmaydigan kishi” bo‘lishi mumkin, deb taxmin qilgan va yana bir marta foydalanuvchilarga minnatdorchilik bildirgan.
Garovdan qariyb 10 kundan o‘tgach, jinoyatchi baribir politsiya bo‘limiga kelgan va o‘zini topshirgan. Zaydel, va’da qilganidek, o‘zi bilan bir quti yumshoq kulcha va bitta katta teshik kulcha olib kelgan.
Zaydelning ishi bo‘yicha 21-oktabrda Michigan okrug sudida sud majlisi bo‘lib o‘tadi. Agar u jarima to‘lasa, 40 kunga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin, agar to‘lashdan bosh tortsa, bu muddat 70 kun bo‘lishi mumkin. Sud jinoyatchining maktab oldidagi chiqindilarni tozalash haqidagi va’dasini eslab, buni ham jazoga qo‘shishi mumkin.
Izoh (0)