Rossiyaning Vladimir viloyatida kamida 19 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avtobus va poyezdning to‘qnashuvi munosabati bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda, Rossiya Tergov qo‘mitasiga asoslanib, “RBK” xabar bermoqda.

Foto: “RIA Novosti”

Jinoyat ishi Rossiya Jinoyat kodeksining 263-moddasi 3-qismi (“temiryo‘l, havo, dengiz va ichki suv transporti va metropoliten harakati xavfsizligi va undan foydalanish qoidalarini buzish”) alomatlari bilan qo‘zg‘atilgan. Mazkur modda bo‘yicha ayblanuvchilar uzog‘i bilan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Hozirgi vaqtda tergovchilar hodisa joyini ko‘zdan kechirmoqda, YTH tafsilotlarini o‘rganmoqda. “Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 16 kishi, jumladan, 1 bola halok bo‘lgan. Qolgan yo‘lovchilar, ular orasida voyaga yetmaganlar ham bor, turli tan jarohatlari bilan kasalxonaga yetkazilgan. Qurbonlar va jabrlanuvchilar soniga aniqlik kiritiladi”, — deyiladi qo‘mita axborotida.

6-oktabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 3:39 da (Toshkent vaqti bilan 6:39 da) Vladimir viloyati Petushinskiy tumanidagi temiryo‘l kesishmasida avtobus va poyezd o‘rtasida to‘qnashuv yuz bergan. Avtobus nosozlik sabab kesishma ustida o‘chib qolgan. Poyezd mashinisti sostavni favqulodda to‘xtatishga uringan, biroq buning uddasidan chiqa olmagan.

Halok bo‘lganlarning bari avtobus salonida bo‘lgan. Qozog‘iston TIV matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, avtobus salonida jami 57 kishi bo‘lgan — ularning 55 nafari o‘zbekistonlik yo‘lovchilar, qolgan ikkisi qozog‘istonlik haydovchi edi. Vladimir viloyati Sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, avariyadan omon qolgan 34 kishi vaqtincha yashash punktida bo‘lib turibdi.