Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zAda keltirildi.

Foto: Google Photos

“O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining Farg‘ona mintaqaviy filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin”, — deyiladi qarorda.

Filialning asosiy vazifalari quyidagilardir:

madaniyat va san’at sohasida fundamental bilim va tushunchalar, tarixiy va zamonaviy an’analar, innovatsiya texnologiyalarini, davlat standarti bo‘yicha belgilangan bilim va malakalarni puxta egallagan oliy ma’lumotli mutaxassis kadrlar tayyorlash;

tayyorlanayotgan mutaxassis kadrlarga mehnat bozoridagi real talab va ehtiyojlardan kelib chiqqan holda, yuqori sifatli bilim va malaka berish;

bitiruvchilarni ishga joylashtirish bo‘yicha buyurtmalarni shakllantirish;

professor-o‘qituvchilar tarkibining o‘z kasb sohasidagi bilim va tajribasi, ilmiy-ijodiy salohiyati va pedagogik mahoratini doimiy ravishda oshirish;

ta’lim jarayoniga zamonaviy pedagogik va innovatsion texnologiyalarni, madaniyat va san’at sohasida ilm-fan bo‘yicha erishilgan ilg‘or yutuqlarni tatbiq etish.

Filialga 2017/2018-o‘quv yili uchun “5150300 — aktyorlik san’ati (turlari bo‘yicha)” ta’lim yo‘nalishiga bakalavrlar tayyorlash bo‘yicha jami 25 ta — shundan o‘ntasi davlat grantlari, 15 tasi to‘lov-kontrakt asosida – qabul kvotasi ajratiladi. 2017/2018-o‘quv yili uchun qabul jarayoni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, O‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi markazi Qo‘qon turizm va servis kasb-hunar kollejining Qo‘qon shahri, Movarounnahr ko‘chasi, 3a-uyda joylashgan binosining bir qismi filialga berilishi munosabati bilan kollej faoliyatini samarali tashkil etish yuzasidan bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi belgilandi.