Toshkent shahar Sergeli tumanida haydovchining mashinasiga o‘tirib, unga nisbatan kuch ishlatib, bosqinchilik sodir etgan uch nafar shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

2017-yilning 7-avgust kuni taxminan soat 23:50 da uch nafar noma’lum shaxs Sergeli tumani hududida fuqaro Surat Valiyev boshqaruvida bo‘lgan Spark avtomashinaga yo‘lovchi sifatida o‘tirgan. Noma’lum shaxslar haydovchining sog‘ligi va hayoti uchun xavfli bo‘lgan zo‘rlik ishlatib, bo‘yniga arqon tashlab, pichoq bilan qo‘rqitib, mol-mulkini ularga berishini talab qilgan.

Biroq Surat Valiyev ularga qarshilik ko‘rsatib, avtomashina salonidan tushib ketgan. Shunda talonchilar ham jinoyat sodir etilgan joydan yashiringan.

Mazkur holat yuzasidan Sergeli tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 164-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ichki ishlar idoralari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Pak Aleksandr Dmitriyevich va voyaga yetmagan Kalan Yan Eduardovich, Shepelev Roman Aleksandrovich sodir etganligi aniqlangan.

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, ularning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Jabrlanuvchining anketa ma’lumotlari o‘zgartirilgan bo‘lib, familiyasi va ismining har qanday o‘xshashligi tasodifiy xarakterga ega.