Kecha — 29-iyun kuni “So‘g‘diyona” klubi prezidenti O‘ktamjon Mahmudjonov jamoa rahbariyati va murabbiylar shtabi bilan yig‘ilish o‘tkazdi. Uchrashuv chempionatning birinchi davra yakunlariga bag‘ishlab o‘tkazilgani klub matbuot xizmati tomonidan qayd etilgan.
O‘ktamjon Mahmudjonov so‘z olib, klubning birinchi davradagi qoniqarsiz natijalariga e’tibor qaratgan. “So‘g‘diyona” chempionatning yarmini 13-o‘rinda yakunlagandi. 5 ta g‘alaba, 2 ta durang va 8 ta mag‘lubiyat rahbariyatni qanoatlantirmagan. Oqibatda bosh murabbiy Davron Fayziyev o‘z arizasiga ko‘ra ishdan bo‘shagan.
Klub prezidenti, shuningdek, darvozabonlarni tayyorlashdagi kamchiliklarga to‘xtalgan. Posbonlarda yetarlicha mahorat shakllantira olmagani uchun murabbiy Shavkat Abduxo‘jayevni iste’foga chiqargan. Qo‘shimchasiga, darvozabon Sarvar Karimov bilan tuzilgan shartnomani muddatidan avval bekor qilgan. Uning qatorida futbolchilardan Dadajon Mamatqulov, Omon Halilov ham jamoadan chetlashtirilgan.
Mahmudjonov nima sababdan aynan darvozabonlar masalasini ko‘targani va ularga keskin chora ko‘rgani ochiqlanmagan.
“So‘g‘diyona” matbuot xizmatining qayd etishicha, klubga yangi bosh murabbiy izlash ishlari boshlab yuborilgan.
Izoh (0)