Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani ichki ishlar boshqarmasi 8-shahar ichki ishlar bo‘limi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Davlat rahbari joriy yilning 9-fevral kuni ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda mavjud muammo va kamchiliklar, istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida militsiya tayanch punktlari infratuzilmasini takomillashtirish, ichki ishlar organlari tizimini kompleks isloh qilish, uning tarkibiy tuzilmalarini optimallashtirish zarurligini ta’kidladi.
Ana shu vazifalardan kelib chiqib, ichki ishlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish, jinoyat sodir etilishining oldini olish, profilaktika tadbirlarini kuchaytirish maqsadida poytaxt tumanlari ichki ishlar boshqarmalari qoshida shahar ichki ishlar bo‘limlari tashkil etilmoqda.
Prezident 8-shahar ichki ishlar bo‘limi xodimlari bilan muloqot qildi, zamonaviy texnologiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ish jarayoni bilan tanishdi.
Ichki ishlar idoralarini xalqqa yaqinlashtirishdan maqsad jinoyatchilikning oldini olish, uning asl sabablarini aniqlash, aholining huquq va erkinliklari, osuda va tinch hayotini ta’minlashdan iborat, dedi davlat rahbari.
Shu yerda “Avtokon” — avtomashinalarning davlat raqamlarini avtomatik aniqlash va qoidabuzarliklarni qayd etish maxsus apparatining taqdimoti o‘tkazildi. Yo‘l harakati inspektori mashinasiga o‘rnatiladigan ushbu maxsus qurilma qoidabuzarlik sodir etib, jarima to‘lamay yurgan transport vositalarini bevosita harakat jarayonida aniqlash imkonini beradi.
Prezident ushbu qurilmani yanada takomillashtirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Izoh (0)