“Muslimaat.uz” muslimalar sahifasi ro‘zaning nozik sirlari bilan bo‘lishdi.
Ahli haqning nazdida ro‘zaning darajasi uchtadir.
Birinchi daraja ommaning ro‘zasi bo‘lib, u qorin va farjni shahvatdan tiyishdan iborat.
Ikkinchi daraja xoslarning ro‘zasi bo‘lib, u birinchi darajaga ziyoda o‘laroq, ko‘z, quloq, tilni, oyoq, qo‘l va boshqa a’zolarni gunohlardan tiyishdan iboratdir.
Uchinchi daraja xoslardan ham xoslarning ro‘zasi bo‘lib, u avvalgi ikki darajaga ziyoda o‘laroq, qalbni pastkash himmatlardan, dunyoviy fikrlardan va Alloh taolodan boshqa narsalardan tiyishdan iboratdir.
Ushbu maqomda xoslarning ro‘zasi haqida bir oz alohida so‘z yuritish maqsadga muvofiq bo‘lardi. Avval aytib o‘tganimizdek, ommaning ro‘zasidan farqli ravishda xoslarning ro‘zasi a’zolarni gunohlardan tiyishni ham o‘z ichiga oladi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: ‘Kim yolg‘on gapirishni va unga amal qilishni qo‘ymasa, uning taomi va sharobini tark qilmog‘iga Allohning ehtiyoji yo‘q’, dedilar”.
Beshovlaridan faqat Muslim rivoyat qilmagan.
Xoslarning ro‘zasi “solihlar ro‘zasi” deb ham nomlanadi. Bu darajadagi ro‘zaning mukammal bo‘lishi quyidagi narsalar ila ro‘yobga chiqadi:
- Barcha yoqimsiz va yomon narsalardan ko‘zni tiyish hamda qalbni Alloh taoloning zikridan to‘sadigan narsalarga mashg‘ul qilmaslik.
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: ‘Nazar solish shaytonning zaharlangan o‘qlaridan bir o‘qdir. Kim Allohdan qo‘rqib, uni tark qilsa, Alloh azza va jalla unga qalbida halovatini topadigan iymon beradi’, dedilar”.
Imom Hokim rivoyat qilgan.
- Tilni yolg‘on, g‘iybat, chaqimchilik, fahsh gaplar, jafo, xusumat, maqtanchoqlikka o‘xshash narsalardan tiyib, sukutni lozim tutish. Uni Alloh taoloning zikri va Qur’on tilovati ila mashg‘ul qilish. Bu –tilning ro‘zasidir.
“Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam dedilar:
‘Ro‘za saqlovchidir. Fahsh gap gapirmasin va johil bo‘lmasin. Agar birortasi u bilan so‘kishmoqchi yoki urushmoqchi bo‘lsa, men ro‘zadorman’, desin”.
Beshovlari rivoyat qilishgan.
Bishr ibn Horis rahmatullohi alayhidan rivoyat qilinishicha, Sufyon Savriy: “G‘iybat ro‘zani buzadi”, degan.
Lays qilgan rivoyatda Mujohid shunday deydi: “Ikki xislat – g‘iybat va yolg‘on ro‘zani buzadir”.
Bu gaplar ommaning emas, solihlar ro‘zasining buzilishi haqidadir. Ya’ni g‘iybatchining ro‘zasi ommaning ro‘zasi saviyasida bo‘laveradi. Ammo g‘iybati tufayli solihlar ro‘zasi darajasidan tushadi.
- Quloqni eshitish makruh bo‘lgan barcha narsalardan, boshqacha qilib aytganda, yuqorida sanab o‘tilgan narsalarning hammasidan saqlash.
“Ular yolg‘onni ko‘p eshituvchilar, haromni ko‘p yeyuvchilardir” (“Moida” surasi, 42-oyat).
- Qo‘l, oyoq va boshqa a’zolarni gunohlardan saqlash hamda iftordan keyin qorinni shubhali taomlardan saqlash. Zotan, qorinni halol narsadan saqlab ro‘za tutib, keyin halol bo‘lmagan narsa ila iftor qilishning ma’nosi ham yo‘q.
Halol davo bo‘lib, ozi foydali, ko‘pi zararlidir.
- Iftorda haddan tashqari ko‘p yeb qorinni to‘ydirib yuborishdan saqlanish. Bunday qilish ila ro‘zadan ko‘zlangan maqsad amalga oshmaydi. Chunki ro‘zadan ko‘zlangan maqsadlardan biri ochlikning ta’mini tatib ko‘rishdir.
Iftordan so‘ng qalbi xavf va rajo orasida iztirobga tushib turmog‘i lozim. Chunki ro‘zasi qabul bo‘lib, muqarrab bandalar qatoriga qo‘shildimi yoki qabul bo‘lmay, g‘azabga uchraganlardan bo‘ldimi, aniq emas-ku. Har bir ibodatdan forig‘ bo‘lgandan so‘ng shu holatda bo‘lish lozimdir.
Hasan Basriy rahmatullohi alayhi kulib o‘tirgan qavm oldidan o‘tayotib:
“Alloh azza va jalla Ramazon oyini O‘z xalqini chiniqtirish uchun va toatida musobaqa qilish uchun joriy qilgan. Bir qavmlar o‘zib ketdilar va yutuqqa erishdilar. Bir qavmlar qolib ketdilar va noumid bo‘ldilar. O‘zuvchilar yutgan, ahli botillar noumid bo‘lgan kunda o‘ynab-kulganlardan ajablanaman”, dedi.
Izoh (0)