Toshkentdagi Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Ushbu majlisda ishtirok etish uchun kelgan Turkiya delegatsiyasi rahbarlari turli darajada uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zA muxbiri Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Yildirim To‘g‘rul Turkeshning bu haqdagi fikrlarini so‘radi.
“Avvalo, vaqt ajratib, bizni qabul qilgani uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Davlat rahbarlarining tashabbusi bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Keyingi yetti oyda oliy va yuqori darajada besh marta uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ishchi guruhlar doimiy va faol ish olib bormoqda.
Iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalar izchil rivojlanmoqda. Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkiya hukumatlararo komissiyasi majlisi juda samarali bo‘ldi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, buning uchun ishbilarmon doiralarga keng qulaylik va imtiyozlar yaratish bo‘yicha birgalikda ish olib bormoqdamiz. Buning uchun ikki tomonda ham xohish, o‘zaro manfaatdorlik mavjud.
Turizm sohasi hamkorligimizning ustuvor yo‘nalishlaridan. Turkiyaliklar O‘zbekistonni ota yurtimiz, deb e’zozlaydi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa allomalarni yaxshi biladi. Shu bois O‘zbekistonni kelib ko‘rishga, tarixiy qadamjolarni ziyorat qilishga orzumand. Bu sohada ham yangi qulayliklar yaratilishi sayyohlar almashinuvi ko‘payishiga xizmat qiladi.
To‘qimachilik, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda hamkorlikni kengaytirmoqdamiz. Savdo-iqtisodiy aloqalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida O‘zbekistonda Turkiyaning Ziroat banki filialini ochishni rejalashtirmoqdamiz.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik mustahkamlanishidan manfaatdormiz”.
Izoh (0)