O‘zbekiston Prezidenti devonining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati mas’ul xodimlari tomonidan Qashqadaryo viloyatida o‘tkazilgan sayyor qabulda Mirishkor, Muborak va Kasbi tumanlari aholisidan Prezidentning virtual qabulxonasi va joylardagi Xalq qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarga yechim izlandi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Yuzma-yuz muloqotda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish idoralari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Tadbirda Prezidentning virtual qabulxonasiga Mirishkor tumani aholisidan 1940 ta murojaat kelib tushgani aytildi. Ularning 370 tasi tuman hokimligi vakolati bilan bog‘liq. Murojaatlar sohalar bo‘yicha tahlil qilinganda, ularning asosiy qismi uy-joy olish va uy-joy qurish uchun yer ajratish, uy-joyni ta’mirlash, moddiy yordam, ish haqi, pensiya ta’minoti hamda bolalar nafaqasini olish, bank-moliya, soliq, sud, mehnat va bandlik, jumladan, ishga joylashish, ishga tiklanish, obodonlashtirish va kommunal xo‘jaligi, yo‘llarni ta’mirlash, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalari, tabiiy gaz, elektr ta’minoti, transport va yo‘lovchi tashish xizmatlari bo‘yicha kelib tushgan.
Shu kuni Qarshi san’at kollejida Qarshi shahri, Koson va Qarshi tumanlari uchun ham sayyor qabul o‘tkazildi.