Dunyodagi eng eski aeroport yaqinda o‘zining 116 yilligini nishonladi. Bugungi kunda dunyoda 100 yildan ortiq faoliyat ko‘rsatib kelayotgan bir necha o‘nlab aeroport mavjud. OneTwoTrip dunyodagi eng eski aeroportlar jamlanmasini taqdim etdi.
Sxipxol, 1916-yil, Niderlandiya
Amsterdamning asosiy aeroporti va Yevropaning muhim davozasi hisoblangan Sxipxol o‘z tarixini 1916-yil 16-sentabrdan boshlagan. 1920-yilgacha harbiy aerodrom bo‘lgan, zamonaviy aeroport o‘rnida esa Amsterdam mudofaa inshootlari tizimiga kiruvchi Sxipxol qal’asi bo‘lgan.Aeroportda atigi bitta, lekin ulkan terminal bor. Terminal maydoni jihatdan dunyodagi eng yirik binolar ichida 16-o‘rinda turadi. Terminalda bir-biriga bog‘langan uchta zal bor.
Aeroport Yevropadagi eng zamonaviy va qulay aeroportlardan biri bo‘lib, unda dam olish hududlari, kutubxonalar, o‘yin xonalari, ko‘p sonli do‘konlar, kafelar, restoranlar va badiiy ko‘rgazmalar bor. 2006-yildan boshlab aeroportda FHDYo bo‘limi ishlay boshlagan.
Jovanni Battista nomidagi Rim-Champino aeroporti, 1916-yil, Italiya
Italiyadagi eng eski aeroportga Birinchi jahon urushi mashhur uchuvchisining nomi qo‘yilgan. Biroq u shunchaki o‘zi joylashgan hudud — Champino nomi bilan ataladi. Ikkinchi jahon urushi vaqtida aeroport ittifoqchilar qo‘shinlari tomonidan egallab olingan hamda yuklar va qurolli kuchlarni yetkazib berish uchun xizmat qilgan.Bugungi kunda Champino ichki va charter reyslari uchun foydalaniladi. Xalqaro parvozlar uchun 1960-yilda Fyumichinoda Leonardo da Vinchi nomidagi aeroport qurilgan. Aeroport yiliga besh million nafargacha yo‘lovchini qabul qiladi. Aeroportda ikkita terminal bo‘lib, biri uchib ketish va uchib keluvchi reyslarga xizmat qilsa, ikkinchi xususiy parvozlarga mo‘ljallangan.
Don Muang xalqaro aeroporti, 1914-yil, Tailand
Aeroport 1914-yil 27-martda harbiy havo kuchlari bazasida ochilgan. 2006-yilgacha Don Muang mamlakatning asosiy aeroporti bo‘lgan. 2012-yilda aeroport qayta ta’mirlandi va hozirgi kunda davlat, charter va ichki reyslar uchun foydalaniladi. Aeroport bir yilda to‘qqiz million kishini qabul qilish imkoniyatiga ega.Aeroportda ikkita terminal bor. Biri mahalliy reyslar, ikkinchisi xalqaro parvozlarga xizmat ko‘rsatadi.
Aurel Vlayku nomidagi Buxarest Benyasa xalqaro aeroporti, 1912-yil, Ruminiya
Aeroport Buxarestdan 8,5 km uzoqlikdagi Benyasa tumanida joylashgan. 1968-yilga qadar u Ruminiyadagi yagona aeroport bo‘lgan.Benyasada dastlabki parvozlar 1909-yilda amalga oshirilgan. 1912-yilda aeroportda Ruminiyadagi birinchi uchish maktabi ochilgan, bu aeroportning ochilish sanasi ham hisoblanadi.
Aeroportning zamonaviy binosi 1940-yillar oxirida qurilgan va 1952-yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi. Bu Buxarestning me’moriy yodgorliklaridan biri hisoblanadi.
2012-yildan yo‘lovchilar sonining oshib ketishi natijasida aeroportga keluvchi reyslar keskin kamaygan. Aeroport atrofida joyning kamligi sababli yangi terminal qurishning iloji yo’q.
Gamburg xalqaro aeroporti (Gelmut Shmidt aeroporti), 1911-yil, Germaniya
Dunyodagi eng eski aeroport bugungi kungacha savdo reyslarini qabul qiladi. U 1911-yil yanvar oyida ochilgan.Aeroport Gamburgdan 8,5 km uzoqlikda joylashgan. XX asrning oxirida aeroportni shahardan yanada uzoqroqqa ko‘chirish rejalashtirilgan, biroq uni qayta ta’mirlash bilan cheklanilgan. Yangi ma’muriy binolar va infratuzilma obyektlari qurilgan.
Aeroportda ikkita terminal va ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi bor. Yevropa mamlakatlari, asosan, Skandinaviya mamlakatlari reyslariga aeroportda xizmat ko‘rsatiladi. Yo‘lovchi qabul qilish quvvati bir yilda 13 million kishini tashkil qiladi.
2016-yildan boshlab aeroport Germaniyaning beshinchi kansleri Gelmut Shmidt nomi bilan ataladi.
Izoh (0)