Yaponiya poytaxti istalgan kishini hayratga solishga qodir. Yashil bog‘lar va ibodatxonalardan tashqari Yaponiya “gigapolisi” videoo‘yinlar ishqibozlariga maroqli hordiq chiqarish imkonini beradi. “Gazeta.ru” Tokio geymerlarni nimalar bilan o‘ziga jalb etishi haqida hikoya qiladi.
Tuta olsang, olib ket
Yumshoq o‘yinchoqlar bilan o‘ynaladigan o‘yin avtomatlari Yaponiyada hamon mashhur. Buning uchun Sindzyuku tumanidagi Kabukicho kvartalida joylashgan SEGA yozuvli binoga kirish kifoya. U yerda bunday avtomatlar juda ko‘p.
Shu yerning o‘zida fayting, poygalar va boshqa janrlarda o‘ynash mumkin bo‘lgan arkadalar mavjud. Ularning aksariyatini boshqa mamlakatlarda uchratmaysiz. Shunga qaramasdan, apparatning asosiy maqsadi sizdan ko‘proq iyen undirish ekanligini unutmang.
Kolleksiyani to‘ldirish imkoni
Agar siz o‘yin disklari qutisini afzal ko‘rsangiz mahalliy do‘konlarga ko‘z yugurtiring. Tokioda qaytarib topshirilgan o‘yinlarni yaxshigina chegirma bian sotish tizimi rivojlangan.
BookOff kabi do‘konlar odamlar tomonidan topshirilgan kitoblar bilan savdo qiladi. Bu yerda siz turli konsollar uchun o‘yinlarni topa olasiz.
Yaponiyada o‘yin sanoatining yirik kompaniyalari va studiyalarining ofislari joylashgan. Ularning hammasi ham Tokioda joylashmagan. Biroq sayyohlik nuqtai nazaridan Kioto va Osakaga tashrif buyurish arziydi. “Mario” yaratuvchisi Sigeru Miyamoto ham xayol surish va yangilik yaratishga ko‘mak beruvchi osuda Kioto shahrini xush ko‘rishini ta’kidlagan edi.
Yaponiyaning eski poytaxtida xotira taxtachasi osilgan Nintendo’ning original binosini uchratish mumkin.
Tokiodagi Akixabara tumani juda ko‘p texnikalar, jumladan o‘yinlar sotilishi bilan mashhur. Bundan tashqari, Yaponiya poytaxtida o‘yin pristavkalarini juda foydali narxda xarid qilish mumkin.
Yaponiyada o‘yinlar saundtreklar bilan mashhur. O‘yinlarda tez-tez mashhur ijrochilarning qo‘shiqlaridan foydalaniladi. Yaponiya karaokelarga muhabbati bilan mashhur ekanligini hisobga olsa, siz ham bunday qo‘shiqlardan bir nechtasini kuylab ko‘rishingiz mumkin.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)