30-aprel kuni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” Muloqoti ishtirokchi davlatlari Tashqi ishlar vazirlarining oltinchi kengashi ishida qatnashish uchun Turkmanistonga tashrif buyurgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Ashxobod shahrida yaponiyalik hamkasbi Fumio Kisida bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bo‘lib o‘tgan suhbat davomida davlatlararo munosabatlarning, jumladan, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti shaklidagi aloqalarning hozirgi holati va yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Vazirlar turli sohalardagi o‘zaro manfaatli strategik hamkorlikni chuqurlashtirish, uning tarkibini amaliy boyitish, jumladan, yetakchi yapon kompaniyalarini O‘zbekiston iqtisodiyotining istiqbolli sektorlariga jalb qilish va yuqori texnologiyali qo‘shma investitsion loyihalarni amalga oshirish evaziga to‘ldirishga ikki davlatda ham qiziqish mavjudligini tasdiqladi.
Uchrashuvda ba’zi xalqaro va mintaqaviy masalalar ham muhokama qilindi.
Turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston–Yaponiya uchrashuvlarining jadvaliga alohida e’tibor qaratildi.
Izoh (0)