Fransiya maxsus xizmatlari o‘tkazgan tekshiruv ishlari yakunlariga ko‘ra Suriyaning Xon Shayxun shahrida Suriya hukumati kimyoviy qurol sifatida zarin moddasini qo‘llaganini aniqladi. Bu haqda mamlakat tashqi ishlar vaziri Jan-Mark Ero ma’lum qildi, deb xabar beradi “Kommersant.ru”.
“Shubha yo‘qki, Suriya rejimi javobgardir, negaki qo‘llanilgan zarinning tayyorlanishida o‘ziga xoslik bor, — ta’kidladi u. — Ishlab chiqarish uslubi rejimga xos jihatlarga ega bo‘lib, uning hujum uchun javobgarligini aniqlash imkonini beradi”.
O‘z navbatida, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Fransiya tashqi ishlar vazirining bayonoti Kremlning bu voqeaga munosabatini o‘zgartirmasligini bildirdi.
“Kreml va prezident Putin ilgarigidek Idlib yaqinida ro‘y bergan voqealar yuzasidan haqiqatni aniqlashning yagona yo‘li xolis xalqaro tekshiruvdir deb hisoblaydi”, — ma’lum qildi u.
Izoh (0)