O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursinxon Xudoyberganovning Namangan viloyati shahar va tumanlarida o‘tkazayotgan sayyor qabullari davom etmoqda, deb xabar beradi O‘zA.
To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va joylardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilgan fuqarolar bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazilgan sayyor qabulda viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat boshqarma va tashkilotlari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, yuqoridagi tumanlar hokimlari, davlat va jamoat tashkilotlari mutasaddilari ishtirok etdi.
Prezidentning Davlat maslahatchisi T.Xudoyberganov, Respublika Bosh prokurori o‘rinbosari U.Sunnatov har bir murojaatchining arzi-holini diqqat bilan tinglab, ularda norozilik kayfiyatini keltirib chiqargan holatlarni hokimlar, masalaga daxldor boshqarmalar, tashkilot va korxonalar rahbarlari ishtirokida chuqur tahlil qilgan holda bartaraf etish choralari ko‘rildi. Aksariyat murojaatlarda keltirilgan inson huquqlarining buzilishi holatlari va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolar o‘z joyida hal etilib, murojaatchining talabi qondirildi. Ma’lum muddat, ya’ni atroflicha o‘rganish taqozo etiladigan murojaatlar bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar, murojaat egalariga huquqiy tushunchalar berildi.
“7000 aholi yashaydigan qishlog‘imizdagi maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyati to‘xtatib qo‘yilgani haqida va tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun yer ajratilishini so‘rab murojaat qilgan edim, – dedi To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Olchin mahallasida yashovchi Zarifa Asqarova. – Bugungi sayyor qabulda har ikki masala yechimini topadigan bo‘ldi. Tuman hokimligi tomonidan yuqoridagi muassasani tegishli tartibda nol qiymatda menga berish masalasi ko‘rib chiqiladigan va u yerda xususiy bolalar bog‘chasi ochib, yangi ish o‘rinlari yaratadigan bo‘ldim”.
“Taqdir ekan, voyaga yetmagan uch nabiram mening qaramog‘imda qolgan, – dedi keksa onaxon Munavvar Burhonova. – Murojaatimga ko‘ra uchovi uchun nafaqa ajratiladigan bo‘ldi”.
Sayyor qabulda uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimi, tibbiyot, huquq-tartibot idoralari faoliyati va boshqa ijtimoiy, iqtisodiy va maishiy masalalarda qilingan murojaatlar ko‘rib chiqilib, tegishli chora-tadbirlar ko‘rildi.
“Kecha Kosonsoy, Pop, Chust, Namangan va Mingbuloq tumanlari va Namangan shahrida, bugun To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlarida o‘tkazilgan sayyor qabul samarali bo‘ldi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati bosh inspektori Mansur Abdusattorov. – Jami 350 ga yaqin murojaat ko‘rib chiqildi va ularning 90 foizga yaqini o‘z joyida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar o‘rganib chiqish uchun masalaga daxldor tashkilotlarga taqdim etildi, 15 kun muddatda mazkur murojaatlar ham qondiriladi yoki ularning egalariga asoslantirilgan javoblar yo‘llanadi”.
Shu kuni Uchqo‘rg‘on, Uychi va Norin tumanlari uchun ham sayyor qabul o‘tkazildi.
Izoh (0)