Gruziya tashqi ishlar vazirligi Yevropa Ittifoqi bilan vizasiz rejim kuchga kirishi ahamiyatini qayd etib, olti banddan iborat Yevropa Ittifoqiga kirish rejasini taqdim etdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 28-martdan boshlab Gruziya fuqarolari Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga biometrik pasport bilan qisqa muddatli sayohatlarni amalga oshirishi mumkin. Ular yarim yil davomida Shengen zonasida ko‘pi bilan 90 kun bo‘lishi mumkin. Vizasiz rejim gruziyaliklarga Ittifoq mamlakatlarida ishlash huquqini bermaydi.
TIV ushbu rejimning Abxaziya va Sxinvali mintaqasida istiqomat qiluvchi Gruziya fuqarolariga ham ta’sir qilishi alohida ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Shundan so‘ng, Gruziya tashqi ishlar vazirligi olti banddan iborat Yevropa Ittifoqiga kirish bo‘yicha rejani taqdim etdi.
“Yevropa Ittifoqi va Gruziya manfaatlari bir xil bo‘lib, o‘zaro qadriyatlarga xizmat qiladi. Bu esa Gruziya ittifoqning to‘laqonli a’zosi bo‘lishi uchun asosdir”, — deb ta’kidlandi TIVda.
Izoh (0)