Misrning Sinay yarim oroli shimolida jangarilar 5 qavatli turar-joy binosi portlatib yubordi. Bu haqda Al-Wafd nashriga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Portlash Al-Arish shahrida sodir bo‘ldi. Ekstremistlar binoni portlatishdan oldin qurol tahdidi bilan ichidagi barcha yashovchilarni tashqariga olib chiqdi. Portlash to‘lqini oqibatida yaqin atrofdagi binolar zararlandi.
Mahalliy kuchlar ushbu hujum ortida IShID terrorchilik guruhining Misrdagi harakati – “Ansar Bayt al-Maqdis” guruhi turganligini taxmin qilmoqda.
Bir necha kun avval Al-Arish shahri ko‘chalaridan birida politsiyaning zirhli mashinasini portlatib yuborilgandi. Terakt oqibatida 10 kishi – uch nafar ofitser, uch nafar IIV xodimlari va to‘rt nafar tinch aholi jarohat olgandi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)