Forbes jurnali yillik dunyo milliarderlari ro‘yxatini e’lon qildi. 2017-yil ushbu reytingga 2043 nafar shaxs nomi kiritilib, rekord natija qayd etildi, deb xabar beradi Meduza.
Forbes hisob-kitoblariga ko‘ra, bir yil avval dunyoda moliyaviy ahvoli bir milliard dollardan kam bo‘lmagan shaxslar soni 1810 kishini tashkil etgan edi.
So‘nggi to‘rt yildan beri ro‘yxatga yetakchilik qilib kelayotgan Microsoft asoschisi Bill Geyts bu yilgi reytingda ham o‘zining 86 milliard dollarlik moliyaviy ahvoli bilan birinchilikni egalladi. Geyts so‘nggi 23 yil davomida 18 marotaba sayyoraning eng boy odami nomiga sazovor bo‘ldi. O‘tgan yil davomida uning mablag‘i 10 milliard dollardan ko‘proqqa oshdi.
Reytingning ikkinchi pog‘onasini sarmoyador Uorren Baffet o‘zining 75,6 milliard dollari bilan zabt etgan bo‘lsa, kuchli uchlikni Amazon’ning 72,8 milliard dollarga ega asoschisi Jeff Bezos yakunladi. Bezos so‘nggi bir yil ichida 27,6 milliard dollar ishlab topdi. Bu Forbes ro‘yxatidagi eng katta ko‘rsatkich sanaladi.
Zara liboslari tarmoq do‘konlari egasi Amansio Ortega 71,3 milliard dollar bilan to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, beshinchi pog‘ona 56 milliard dollari bo‘lgan Facebook yaratuvchisi Mark Sukerbergga nasib qildi.
Forbes’ning milliarderlar ro‘yxatiga kiritilgan 2043 nafar kishining umumiy moliyaviy ahvoli 7,67 trillion dollarni tashkil etadi.
Izoh (0)