Kuvaytda AQSh va Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorligi kengashi (FKADHK) mamlakatlarining Yaqin Sharq mintaqasidagi eng yirik manyovrlari boshlandi. Bu haqda Kuvayt qurolli kuchlari bosh shtabi rahbari general-leytenant Muhammad al-Hader ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“O‘quv mashg‘ulotlari FKADHK mamlakatlarining AQSh bilan mudofaa borasidagi hamkorligini mustahkamlashga yo‘naltirilgan”, — dedi general-leytenant. Uning axborotiga ko‘ra, “Jur’atli burgut” kodlangan nomi ostidagi manyovrlar 14-bor o‘tkazilayotgan bo‘lib, 6-aprel kuni yakunlanadi.
O‘quv mashg‘ulotlaridan ko‘zlangan maqsad tajriba almashish, umumiy tahdidlarga qarshi turish uchun mamlakatlar o‘rtasidagi harakatlarni muvofiqlashtirishni chuqurlashtirish, mudofaa bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashdan iborat.
Mashg‘ulotlar bir necha bosqichda harbiy-havo kuchlari, harbiy-dengiz kuchlari hamda yerusti qo‘shinlari ishtirokida o‘tkaziladi. Mashg‘ulotlarga, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda boshqaruvni yaxshilash maqsadida Kuvayt IIV va Milliy gvardiya, qator davlat organlari va departamentlar xodimlari jalb etiladi.
Mashqlarda FKADHK mamlakatlari va AQSh harbiy qo‘mondonligi vakillari ishtirok etadi. Manyovrlar vaqtida Kuvaytga “Yarim orol qalqoni” nomini olgan tezkorlik bilan javob berish mintaqaviy kuchlarining operativ shtabi vakillari yetib keladi.
Ma’lumot o‘rnida, FKADHK Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Bahrayn, Ummon, BAA va Qatardan iborat. “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)