Yevropa Chempionlar ligasi uchrashuvlarini O‘zbekiston hududida translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritgan UzReport telekanali bugun — Toshkent vaqti bilan 00:35 dan boshlab jonli rejimga o‘tadi.
14-mart kuni Yevropaning to‘rt klubi Chempionlar ligasining chorak finali yo‘lida kurash olib boradi. “Portu” Turinda “Yuventus” mehmoni bo‘lsa, “Sevilya” tumanli Albionda “Lester”ga qarshi saf tortadi.
Har ikki uchrashuv bir vaqtda start oladi. UzReport qiziqish nisbatan kattaroq bo‘lgani uchun “Lester” — “Sevilya” uchrashuvini efirga uzatishni rejalashtirgan. Tomonlarning “Sevilya” maydonida o‘tgan dastlabki uchrashuvida Xorxe Sampaoli shogirdlari 2:1 hisobida zafar quchgan bo‘lib, mazkur bellashuv italiyalik mutaxassis Klaudio Ranyeri uchun “Lester”dagi so‘nggisi bo‘lib qolgandi.
“Yuventus” esa Portugaliyadan 2:0 hisobidagi g‘alaba bilan qaytib kelishning uddasidan chiqa olgan. Shu tomondan olib qaraganda, tomonlarning Italiyada o‘tadigan o‘yinida Massimiliano Allegri shogirdlari katta qiyinchilikka duch kelmasligi ham mumkin.
Izoh (0)