O‘zbekiston musulmonlar idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish xayriya jamg‘armasi Hazrati Imom majmuasidagi “Mo‘yi Muborak” madrasasi — muqaddas Qur’oni Karim joylashgan muzeyni ziyorat qilish tartibini ishlab chiqdi. Bu haqda O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Gid va sayyohlar uchun tayyorlangan tavsiyalarga ko‘ra, “Mo‘yi Muborak” madrasasi — muqaddas Qur’oni Karim joylashgan muzeyga bir vaqtning o‘zida 40 nafargacha ziyoratchi kirishi mumkin, ekskursiya vaqti 20 daqiqadan oshmasligi kerak.
Muzey hududida baland ovozda gapirish, bahslashish, video yoki fotoga olish mumkin emas. Ziyoratchi ayollar boshiga ro‘mol yoki sharf tashlab olishlari, kiyimlari ham ziyorat talabida — me’yordan ortiq kalta, tor yoki ochiq bo‘lmasligi tavsiya etiladi.
Hazrati Imom majmuasi hududida esa chekish, spirtli ichimliklar iste’mol qilish, maysazorda yurish, gullarni uzish, skeytbord va rolikda uchish, velosiped haydash kabi harakatlar taqiqlanadi.
Muzey sayyohlik mavsumida — 1-martdan 30-iyunga qadar, shuningdek, 1-avgustdan 30-noyabrgacha shanba va yakshanba kunlari ham soat 9:00 dan 16:00 ga qadar ishlaydi.
“Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — @toshqindaryo’ga a’zo bo‘ling!
Izoh (0)