Iroqning Mosul shahri g‘arbiy hududini IShID terrorchilaridan ozod qilishga qaratilgan hukumat kuchlari kampaniyasi faoliyatining deyarli 80 foizi o‘z nihoyasiga yetdi. Bu haqda Al Sumaria telekanali orqali operatsiya qo‘mondoni general Raid Shokir Jovdat ma’lum qildi, deb xabar beradi “TASS”.
“Biz G‘arbiy Mosulning Ad-Davvas tumanidagi davlat idoralaridan 10 metrlar uzoqlikda turibmiz, — dedi general. — Hukumatga qarashli hudud ustidan nazorat o‘rnatish jangarilarni chiqarib tashlash bo‘yicha operatsiyaning 80 foizi tugaganini bildiradi”.
Ayni damda federal politsiya bo‘linmasi terrorchilar nazoratidagi Ad-Dandan va An-Nabi-Shit dahalariga kirib bormoqda. Yerdagi qo‘shinlarga havodan yordam AQSh yetakchiligidagi xalqaro ittifoq aviatsiyasi tomonidan berilmoqda. Ittifoq zarba beruvchi Apache vertolyotlarini yubordi.
Iroqning kattaligi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi mazkur shahrini terrorchilardan ozod qilish bo‘yicha kampaniya 2016-yil 17-oktabr kuni boshlangan.
Yanvar oyi oxirlarida Mosulning sharqiy qismidan IShID jangarilari chiqarib yuborilgach, 19-fevral kuni Iroq bosh vaziri Haydar al-Obodiy Mosul shahrining g‘arbiy qismini IShIDdan ozod qilish bo‘yicha operatsiya boshlanganini ma’lum qilgan edi.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.
Izoh (0)