Kazuyoshi Miura. Yaponiyalik bu futbolchini butun dunyoda tanishadi. Chunki u 50 yoshida ham faoliyatini davom ettirmoqda.
Yaponiya ikkinchi Jey ligasida ishtirok etuvchi “Yokogama” yarim asr yashagan Miuraga ishonishda davom etmoqda. Yangi mavsumning 1-turini klub “Matsumoto Yamaga” klubiga qarshi o‘tkazib, 1:0 hisobida zafar quchdi. Kazuyoshi Miura uni boshlang‘ich tarkibda o‘tkazib, 65 daqiqa to‘p surdi va maydonni muxlislar qarsaklari ostida tark etdi.
“Yokogama” klubini 55 yoshli Hitoshi Nakata boshqarib boradi. Mutaxassis o‘zidan bor-yo‘g‘i 5 yosh kichikroq bo‘lgan shogirdini necha yoshga qadar o‘ynatishi aniq emas.
Ma’lumot uchun, Miurada bu faoliyatidagi 32-mavsum hisoblanadi. Yaponiya professional futboli tarixida uning kabi keksa futbolchi bo‘lmagan. U karyerasini 1986-yil Braziliyaning “Santos” klubida boshlagan. O‘z vaqtida Yevropaga ko‘chib o‘tib, Italiyaning “Jenoa”, Xorvatiyaning “Dinamo” klublari sharafini himoya qilgan.
Qariya futbolchi 2005-yil — 38 yoshida “Yokogama” bilan shartnoma tuzgandi. Yaponiya terma jamoasidagi faoliyatini Miura 33 yoshida yakunlagan bo‘lib, 89 ta uchrashuvda 55 ta gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Izoh (0)