Bolaligidan beri AQShda yashab kelgan meksikalik Roza Mariya Ortega Dallas shahri sudi tomonidan sakkiz yilga qamaldi. Bu haqda “Gazeta.ru” xabar bermoqda.
Sud qaroriga ko‘ra, Roza Mariya saylovda ovoz berish huquqiga ega emasligiga qaramay, ikki bor saylovlarda ishtirok etgan. Dallasda ro‘yxatdan o‘tgan Green Card sohibasi 2012-yildagi prezidentlik hamda 2014-yilda bo‘lib o‘tgan oraliq saylovlarda qatnashgan.
Ortega AQShning Respublikachilar partiyasi a’zosi hisoblanadi. Ma’lum qilinishicha, u 2012-yildagi saylovda Respublikachilar partiyasi tomonidan prezidentlikka ilgari surilgan nomzod Mitt Romniga ovoz bergan.
Sakkiz yillik qamoq jazosini o‘tagach, to‘rt farzand onasi AQShdan deportatsiya qilinib, mamlakat hududiga kirish huquqidan mahrum etiladi.
Texas bosh prokurori Ken Pakston sudning mazkur ish bo‘yicha qarori shtatda saylovlar xavfsizligiga bo‘lgan jiddiy e’tiborni ko‘rsatishini qayd etdi.
Sudlanuvchining advokati Klark Berdsell, o‘z navbatida, qaror juda shafqatsiz ekanligini ta’kidladi. “Ortega oltinchi sinfgacha ta’lim olgan. Ovoz berish noqonuniyligidan xabardor bo‘lmagan”, — dedi himoyachi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)