“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Prezidentining “2017—2021-yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish Davlat dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, “Qo‘ng‘irot—Toshkent—Qo‘ng‘irot” va “Urganch—Toshkent—Urganch” yo‘nalishlarida amaldagi tariflarning 50 foizi hajmida chegirmalar kiritadi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.
Chegirmalar quyidagi toifaga kiruvchi shaxslarga nisbatan amal qiladi:
- pensionerlar (shu jumladan 1941—1945-yillardagi urush qatnashchilari va nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar, Chernobil AESdagi halokat oqibatlarini bartaraf qilish ishtirokchilari);
- nogironlar (birinchi, ikkinchi yoki uchinchi guruh), nogironlik guruhi ko‘rsatilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining tekshiruv akti ko‘chirmasi yoki guvohnoma bo‘lgan holda hamda nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs;
- 16 yoshgacha bo‘lgan bolalikdan nogironlar, nogironlik guruhi ko‘rsatilgan tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining tekshiruv akti ko‘chirmasi yoki guvohnoma bo‘lgan holda hamda nogironga hamrohlik qiluvchi shaxs;
- o‘qishga ketayotgan talabalar, oliy ta’lim muassasasiga taklifnoma yoki OTMga yo‘llanma, yoki talabalik guvohnomasi va OTMdan ma’lumotnoma bo‘lgan holda;
- fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organlari orqali moddiy yordam tayinlangan kam ta’minlangan oilalar a’zolari, fuqarolarning o‘z-o‘zini boshqarish organi tomonidan moddiy yordam to‘lanayotgan davr uchun ma’lumotnoma bo‘lgani holda.
Chegirmalarning bir nechta turidan bir vaqtning o‘zida foydalanishga ruxsat berilmaydi. Yo‘lovchi uchun eng manfaatli bo‘lgan chegirma qo‘llaniladi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ham yuqorida qayd etilgan toifaga kiruvchilar uchun “Nukus—Toshkent—Nukus” va “Urganch—Toshkent—Urganch” yo‘nalishlarida amaldagi tariflarning 50 foizi hajmida chegirmalar kiritgan edi.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’” (@toshqindaryo)ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)