Bundan to‘rt oycha avval ozodlikdan mahrum etilgan Matyoqub Matchonov ozodlikka chiqqandan so‘ng birinchi navbatda nima haqida o‘ylaganligini ma’lum qildi. Intervyu matni “Darakchi.uz” nashrida chop etildi.
“Nabiralarimni juda sog‘ingan edim. Ular bilan tezroq uchrashishni o‘yladim. Ikkinchi o‘rinda esa chala qolgan ijodiy ishlarimiz borligini, mening aybim bilan qolib ketgan filmlarni yakunlab qo‘yishim kerakligini o‘yladim. Shuning uchun ham ikki kun oilam davrasida o‘tirib, keyin ishga sho‘ng‘ib ketdim”, — deydi aktyor.
“‘O‘rigidan danagi shirin’ deb bekorga aytishmas ekan. Chunki bolalarimiz yoshligida biz ham yosh edik. Ish bilan bo‘lib ularga ko‘p vaqt ajratolmaganmiz. Farzandlarimizning bolaligi tez o‘tib ketgan. Yosh o‘tgan sayin dunyoqarash o‘zgararkan. Ko‘z o‘ngimizda yugurib yurgan nabiralarimizga bolalarimizga berolmagan mehrimizni bergimiz keladi. Ular bilan o‘tgan har bir daqiqani qadriga yeta boshlarkan kishi. Bundan tashqari, aka-ukalarimiz bilan qo‘shni bo‘lib yashaymiz. Ularning nabiralarini ham o‘zimnikidek ko‘ramiz. Ular ham meni bobo deb chaqirishadi. Ayniqsa, o‘zingizdagi qaysidir fe’l-atvorni, insoniy jihatlarni ularda ko‘rsangiz, bormi? Ich-ichingizdan rohatlana boshlaysiz. Bu his-tuyg‘ularni so‘z bilan ifodalab, tushuntirib berish juda qiyin”, — dedi Matyoqub Matchonov.
Diqqat, diqqat! “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy kanali — “Toshqin ‘Daryo’”ga obuna bo‘lib, yangiliklardan ovozli ko‘rinishda bahramand bo‘lishingiz mumkin.
Izoh (0)