Checheniston rahbari Ramzan Qodirov respublika maxsus bo‘linmalarini tayyorlash uchun amerikalik maxsus qismlar xodimlari yollanishi mumkinligi borasida tarqatilgan xabarlarni tasdiqlamadi. Bu haqda, Checheniston rahbari va hukumatining portalidagi bayonotga asoslanib, “Argumenti i fakti” xabar bermoqda.
23-noyabr kuni Gudermesda qurilayotgan Xalqaro o‘quv markazida chechenistonlik harbiylar bilan AQShdan yollangan maxsus mo‘ljal qo‘shinlari xizmatchilari mashg‘ulotlar o‘tkazishi mumkinligi ma’lum qilingan edi. Ammo ushbu xabarlar Qodirov tomonidan inkor qilindi. Gap faqat xususiy instruktorlar haqida ketayotgani aniqlashtirildi.
“Agar gap AQShning amaldagi maxsus qismlari haqida ketayotgan bo‘lsa, ular rossiyalik jangchilarga nima o‘rgatishi mumkinligini uncha tushunmayman. Iordaniyadagi jahon chempionatida bizning jamoamiz birinchi o‘rinni egalladi, amerikaliklar esa birinchi yigirmalikdan keyin edi. AQSh rasmiy kuch qurilmalari Chechenistonda taqiq ostida”, — dedi Qodirov.
Shu bilan birga, u AQShda Lotin Amerikasi, Osiyo va Afrikadagi maxsus operatsiyalarda ishtirok etgan kuchli mutaxassislar borligini e’tirof etdi.
“Amerikalik xususiy mutaxassislar ishga qiziqmoqda”, — dedi Qodirov. U bir qancha mutaxassislardan talabnomalar kelib tushganini qayd etdi.
“Bu nom chiqargan odamlardir. Ko‘rib chiqamiz”, — ta’kidladi Checheniston rahbari.
Izoh (0)