Yer qatlamining 400–600 kilometr chuqurligida ulkan hajmda suv zaxiralari bo‘lib, ular minerallarda saqlanadi. Ushbu xulosaga kelgan Alberta universiteti (Kanada) olimlarining tadqiqotlari natijalarining qisqa hisoboti The International Business Times nashrida keltirildi, deb xabar beradi “Interfaks”.
Ilgari olimlar magniy gidroksidi mineralida (brusit) mavjud suv Yerning yuqori mantiyasida bo‘la olmasligini taxmin qilar edi, negaki u yerning yuqori bosimi mineralni parchalaydi. Oldin o‘tkazilgan tajribalar yuqori bosim ostida brusitdan ajraladigan suyuqlik Yer yuzasiga vulqon faolligi chog‘ida chiqishini ko‘rsatdi.
Ammo bu safar tadqiqotchilar yuqori bosim ta’siriga chidamli brusit turini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi. PNAS jurnalida chop etilgan maqolada aytilishicha, tadqiqot mualliflari Manak Muxerji va Andreas Xermann mingdan ortiq tajriba o‘tkazib, bosimga chidamli brusit turini aniqlagan.
“Bu ‘Pandora qutisi’ni ochadi. Biz suv brusit singari suvli minerallarda saqlanadi deb o‘ylamagan edik. Ammo endi buni bilar ekanmiz, galdagi vazifamiz — unda qancha suvni saqlash mumkinligini aniqlash”, — dedi Muxerji.
Ilgari Alberta universiteti olimlari sayyora po‘st qatlamining ostidagi suv Yer massasining 1,5 foizini tashkil etishi mumkinligini ma’lum qilgan edi. Bu sayyoraning yuzasidan barcha suvlar massasiga tengdir.
Yer mantiyasi ostidagi suv hajmi qancha ekanligini bilish geologik jarayonlar, vulqonlar faolligi va zilzilalarni tushunish uchun muhimdir. Bu geologlarga sayyoraning shakllanish jarayonlarini hamda uning bugungi holatini o‘rganishga yordam beradi.
“Bu maqola — boshqotirmaning bir qismi, lekin to‘liq manzara emas. Hozirgi paytda biz buni hisob-kitob qila olmaymiz, ammo yillar davomida olib borilgan tadqiqotlar tufayli biz jiddiy tarzda olg‘a siljidik”, — deb ta’kidladi kashfiyot mualliflari.
Bundan tashqari, aytilishicha, Yer ostidagi suvlarning mohiyatini tushunish tashqaridagi suv resurslarini boshqarishda ham qo‘l keladi, negaki sayyora ichida suv yo‘qola boshlasa, geodinamik jarayonlar tufayli bu Yer yuzasida ham aks etadi.
“Bu plitalar tektonikasiga ta’sir o‘tkazadi. Litosfera qotganidan so‘ng bizda zilzilalar bo‘lmaydi. Vulqonlar esa Yer qatlarining shakllanishida muhim o‘rin tutadi, bu silsilaning barcha halqalarida aks etadi. Ko‘p olimlarning fikricha, Yerga o‘xshagan sayyoralar shuni boshdan kechirgan. Shu tariqa, Yer ostidagi suvlar geodinamik faollikni saqlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, — dedi Muxerji.
Uning fikricha, sayyorada ichki suv zaxiralarining qurish tahdidi hozircha mavjud emas.
Izoh (0)