Rossiya—2018 yo‘lida kurash olib borayotgan Osiyo qit’asining 12 mamlakati hal qiluvchi saralash bosqichining 5-turini yakunladi. “A” va “B” guruhlaridagi vaziyat bilan keltirilgan havolalar yordamida tanishish mumkin.
O‘zbekiston termasi bilan bir guruhdan joy olgan jamoa murabbiylarining 5-turdan keyin bildirgan fikrlarini “Championat.asia” nashri keltirib o‘tdi.Marchello Lippi — Xitoy
“Jamoam katta hajmdagi ishni amalga oshirdi, yechinish xonasida bu haqda futbolchilarga ham aytdim. Qatar bilan o‘yinda bizga omad yetishmadi, xolos. Shundoq ham Rossiyaga borish imkoniyatimiz ancha past edi, bugun esa yanada kamayib ketdi. Vaholanki biz Qatardan yaxshiroq o‘ynagandik. Futbolchilarim guruhdagi hech bir raqibdan kuchsiz emas”.
“Nazariy imkoniyatimiz to‘la yo‘qolgunicha umid bilan kurashaveramiz, biz to‘g‘ri yo‘ldan ketmoqdamiz”, — deb fikrini yakunladi italiyalik murabbiy.
Xorxe Fossati — Qatar
“Xitoy bizga katta bosim uyushtirdi. Natijada birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynay olmadik. To‘pni umuman nazorat qila olmadik. Evaziga himoyamiz hujumlarga dosh berib turdi. 1 ochkoga ega bo‘lganimiz himoya chizig‘imizning mehnatidir. O‘zbekistonda 6 ochkolik o‘yin bo‘ladi. Uni mag‘lub etishimizgina imkoniyatimizni yaxshilashi mumkin”.
Ma’lumot uchun, Fossati Qatarni qabul qilib olguniga qadar jamoa 3 ta mag‘lubiyatga imzo chekib bo‘lgandi. Uning tashrifi esa 2 ta bellashuvdagi 4 ochkoga sabab bo‘ldi.Ayman Al-Hakim — Suriya
“Erondek kuchli jamoaga qarshi qiynalishimizni bilardik. Shunday bo‘ldi ham. Kuchli yomg‘ir maydonni juda yomon holatga keltirib qo‘ydi. Biroq unutmaslik kerak, har ikki jamoa 1 ta maydonda, bir xil sharoitda to‘p surdi. Eronga gol urish qiyin. Evaziga ularning yurishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘ldik. Keyingi beshta o‘yinda ham shunday mehnat qilishda davom etamiz”.
Ma’lumot uchun, Suriya terma jamoasi guruhning ikki yetakchisi —Eron va Janubiy Koreyadan ochko tortib olgan yagona jamoa bo‘ldi. Vaholanki suriyaliklar urush tufayli o‘z mamlakatida to‘p sura olmayapti. Qatar, Xitoy, O‘zbekiston kabi termalar esa har ikki yetakchidan ham ochko olishning uddasidan chiqa olmadi.
Karlush Keyrush — Eron
“Maydonga tushgan har bir futbolchim bilan faxrlanaman. Ular o‘yin yakuniga qadar kurashda bo‘ldi. Vaholanki futbol o‘ynash uchun sharoit yomon edi. Beshta turdan so‘ng peshqadammiz. Qolgan beshta turda ham shunday mehnat qilishda davom etamiz”.
Ma’lumot uchun, saralashning hal qiluvchi bosqichida Eron termasi darvozasiga hech kim yo‘l topa olmadi. Bu borada forslar yagona jamoa bo‘lib turibdi. Qayd etish kerak, Keyrush jamoasiga qarshi o‘yinlarda O‘zbekiston va Janubiy Koreya termalari birorta ham aniq zarba bera olmagandi.
Izoh (0)