2016-yil 10-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev o‘rtasida Qozog‘iston tomonining tashabbusi bilan telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.
Davlat rahbarlari yaqinda oliy darajada o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan erishilgan kelishuvlar ijrosining borishini muhokama etdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Qozog‘iston delegatsiyalari turli darajadagi amaliy tashriflarining yakunlariga, ustuvor yo‘nalishlarda muhim tijorat shartnomalari tuzilganiga yuqori baho berdi.
Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev qator mintaqaviy va xalqaro masalalar yuzasidan ham fikr almashdi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari o‘zaro manfaatli barcha sohalarda ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish, do‘stlik va yaqin qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlash to‘g‘risida kelishib oldi.