Xalqaro paralimpiya qo‘mitasining taqiqiga qaramay, Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlari ochilish marosimida Rossiya bayrog‘ini ko‘targan belarusga kvartira va’da qilindi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova uning tanishi Facebook’dagi sahifasiga antiqa taklif bilan murojaat qilganini aytdi. Ismi ma’lum qilinmagan rossiyalik erkak Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlari ochilish marosimida Rossiya bayrog‘ini ko‘tarib chiqqan Belarus sport va turizm vazirligi xodimi – Andrey Fomochkinga kvartira sovg‘a qilish istagini bildirdi.
“Barchasini batafsil aytmayman. Kvartira haqiqiy, tayyor binoda joylashgan. Men shaxsan o‘zim tekshirdim. Sirli graf Monte-Kristo kim ekanini va belaruslik qahramonimiz bunday sovg‘aga qanday munosabat bildirishini ertaga ko‘rasizlar. Chunki Andrey Fomochkin bugun Moskvaga keldi”, – deb yozdi Mariya Zaxarova Facebook’dagi sahifasiga.
Rossiya terma jamoasi 7—18-sentabr kunlari o‘tkazilgan Rio–2016 Paralimpiya o‘yinlarida ishtirok etmadi. Fomochkin esa “Marakana” stadionida bo‘lib o‘tgan musobaqaning ochilish marosimida Rossiya bayrog‘ini ko‘tarib chiqdi. Keyinroq Fomochkin akkreditatsiyasidan mahrum etilgandi.
Izoh (0)