AQShning beshta eng yirik gazetasidan biri — Los Angeles Times mamlakat prezidentligiga Demokratik partiyadan da’vogar Hillari Klinton nomzodini qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda, gazeta chop etgan muharrirlik maqolasiga asoslanib, “TASS” xabar bermoqda.
Gazetada qayd qilinishicha, sobiq davlat kotibi uzoq yillardan buyon prezidentlikka eng yaxshi tayyorgarlikka ega nomzod bo‘lib qolmoqda.
“Birinchi xonim, Nyu-York shtatidan senator va davlat kotibi bo‘lgan paytlari Hillari Klinton davlat siyosatini chuqur o‘rgandi, shu bois bugungi kunda uning tegishli masalalar bo‘yicha nuqtai nazari raqibinikidan ko‘ra puxtaroq o‘ylangan”, — deyiladi maqolada.
Shu bilan birga, muallifning fikricha, Klinton xonim buyuk prezident bo‘lishi uchun o‘z nuqsonlarini bartaraf etishi lozim.
Nashrning fikricha, Donald Trapmning prezident bo‘lib saylanishi AQSh uchun fojiaga aylanishi mumkin.
Ayni paytda Los Angeles Times tomonidan Janubiy Kaliforniya universiteti tadqiqot xizmati bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, Tramp Klintondan ikki foizga oldinroq bormoqda. Milliarderni respondentlarning 45 foizi qo‘llab-quvvatlashini bildirdi, sobiq davlat kotibining ko‘rsatkichi esa 43 foizga teng bo‘ldi.
Izoh (0)