Xitoylik tadbirkor 5 million dollar sarflab, Indoneziyaga tegishli hisobdan chiqarilgan Boeing 737 samolyotini restoranga aylantirdi. Bu haqda TJournal xabar bermoqda.
Lily Airways restorani sentabr oyi boshida Xubey provinsiyasining Uxan shahrida ochildi. Unda 20 stol bo‘lib, kuni bo‘yi muassasaga 200 kishi tashrif buyurishi mumkin. Turli o‘rinlarning narxi 25–60 dollarni tashkil qiladi.
Restoran dizaynida aviasayohat ruhi saqlab qolinishiga e’tibor qaratilgan — salonda yuk qatorlari olib tashlanmagan, u yerga tashrifchilar o‘z yuklarini joylab qo‘yishi mumkin. Bundan tashqari, ofitsiantlar bort kuzatuvchilari formasida xizmat ko‘rsatadi.
Shu bilan birga, o‘rindiqlar haqiqiy samolyotdagidan ancha qulayroq qilib ishlangan.
Bortda ovqatlanish uchun tashrifchilar uchish talonini olib, maxsus zalda kutadi, so‘ng trap orqali samolyotga chiqadi.
Muassasa egasi samolyot xarid qilishni maqsad qilgan paytda uni hali nimaga aylantirish borasida aniq qarorga kelmagan edi. U Shvetsiyadagi loyihadan ilhomlanib, samolyot ichida mehmonxona ochishni ham o‘ylagandi.
U restoranga rafiqasi Lilining ismini berdi.
Izoh (0)