Tailand janubidagi Pattani provinsiyasida 20-iyun, dushanba kuni yuz bergan portlash oqibatida ikki nafar harbiy xizmatchi yaralandi. Mahalliy politsiyaning ma’lum qilishicha, portlovchi qurilma harbiylar harakatlanayotgan yo‘l yaqiniga joylangan. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“12 nafar askardan iborat patrul aksariyat hollarda jangarilarning nishoniga aylanuvchi o‘qituvchilar guruhini kuzatib borayotgan paytda portlash sodir bo‘lgan”, — dedi Nong-chik tumanidagi politsiya boshqarmasi navbatchi ofitseri.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘n yildan ortiq vaqt davomida Yala, Pattani va Naratxivat janubiy provinsiyalarida musulmon sultonligini tashkil etishga urinayotgan ayirmachilarni portlash uchun javobgar deb taxmin qilmoqda.
Politsiyaning ma’lum qilishicha, Pattanida o‘tgan dam olish kunlari maktab va kemalar to‘xtaydigan joy yaqinida ikkita kuchli portlash qayd etilgan. Portlashlar oqibatida hech kim jabrlanmagan. Tartib qo‘riqchilarining ma’lum qilishicha, jangarilar suzib yuruvchi bombalardan foydalangan. Maxsus konteynerlardagi portlovchi moddalar daryo oqimi bo‘ylab pastga tushirilgan.
Izoh (0)