Fransiya mezbonlik qilayotgan Yevro—2016 ning “B” guruhida 2-tur bellashuvlariga yakun yasaldi.
16-iyun sanasidagi birinchi bellashuvda Angliya va Uels terma jamoalari o‘zaro saf tortdi. 2-turning “B” guruhidagi birinchi o‘yinida Slovakiya termasi Rossiyani 2:1 hisobida mag‘lub etgandi.
Angliyaga qarshi bellashuvning 42-daqiqasida Garet Beyl jarima zarbasini aniq amalga oshirib, uelslik futbolchilarni hisobda oldinga olib chiqdi. Qayd etish kerak, Slovakiyaga qarshi o‘yinda ham “Real” klubi a’zosi jarima zarbasidan gol urishga muvaffaq bo‘lgandi.
Ikkinchi bo‘limni Angliya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Roy Xojson 2 ta o‘zgarish bilan boshladi. Boshlang‘ich tarkibda ko‘rinish bergan Rahim Sterling hamda Harri Keyn kabi futbolchilar o‘rniga Jeymi Vardi va Deniyel Starrij kabilar tushirildi.
56-daqiqada “Lester” bilan Angliya chempionligini qo‘lga kiritgan Jeymi Vardi hisobni tenglashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Ma’lumot uchun, Vardi Yevropa Chempionatlari doirasidagi o‘zining debyut uchrashuvida maydonga tushgandi.
92-daqiqaga kelib “Liverpul” klubi a’zosi Deniyel Starrij o‘z nomini tabloga yozib, Angliya termasiga muhim bo‘lgan 3 ochkoni taqdim etdi — 2:1.
2-turdan keyin Angliya 4 ochko bilan “B” guruhi yetakchisiga aylanib oldi. Uels va Slovakiya hisobida 3 tadan ochko bor. 1 ochkoga ega Rossiya guruhning so‘nggi o‘rindagi vakili bo‘lib turibdi.
“B” guruhidagi 3-tur o‘yinlari 20-iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda Rossiya va Uels maydonga tushsa, parallel o‘yinda Angliya hamda Slovakiya termalari o‘zaro hisob-kitob qiladi.
[wpse_match id="351439" show_title=1]
Izoh (0)